12:47 / 25.05.2021
10675

Urganch tumani SEO tomonidan o‘tkazilgan tanlovda rahbarning ukasiga tegishli korxona g‘olib chiqdi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, maxsus axborot portaliga joylashtirilgan ochiq ma'lumotlar asosida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining (SEOJSX) Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tanlov natijalarini o‘rgandi.

Aniqlanishicha, 2020 yil noyabr oyida SEOJSX Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimiga Ikrom Boltaboyevich Ataniyazov tayinlangan. 2021 yil 26 martda bo‘lim binosi va hojatxonasini joriy ta'mirlash uchun tanlov e'lon qilingan va 7 aprel kuni o‘tkazilgan.

Qiymati 225,5 mln so‘m bo‘lgan joriy ta'mirlash ishlari uchun o‘tkazilgan tanlovda «JK» MChJ g‘olib sifatida tanlab olingan. O‘rganish davomida mazkur korxona ustav fondidagi ulushlari, yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, to‘lig‘icha bo‘lim boshlig‘i Ikrom Ataniyazovning ukasiga tegishli ekanligi aniqlangan.

«Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab, davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas.

Shuningdek, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunining 40-moddasida davlat xaridlari jarayonida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Shunga asosan, SEOJSX Xorazm viloyati boshqarmasi Urganch tuman bo‘limiga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan. Ishni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, tanlov savdosi bekor qilingan va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 178-qism 6-qismiga muvofiq rasmiylashtirilgan ma'muriy ish hujjatlari tegishli sud organiga o‘tkazilgan.

Top