15:25 / 26.05.2021
10369

«Aholi ko‘paymoqda, ko‘proq o‘qituvchi kerak» – Avloniy instituti rektori talaba-o‘qituvchi tayyorlash tizimi haqida ma'lumot berdi

2021 yil 25 yanvarda qabul qilingan «Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, OTMlarning pedagogik bo‘lmagan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun pedagogik tayyorgarlik modullarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish joriy qilinmoqda.

Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev biz bilan suhbatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Quyida suhbatdoshimizning ayni masaladagi asosiy fikrlarini keltiramiz.

Pedagog bo‘lmagan yo‘nalishlardagi talabalar uchun maktabda dars berish huquqini beruvchi tayyorlov modullari yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi?

Prezident qarori bilan nopedagog yo‘nalishda tahsil olayotgan ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun tayyorlov kurslarida o‘qib, maktabda dars berish imkoniyati yaratilmoqda. Bu pedagogik modul hammaga ham mos keladi degani emas. Masalan, texnika yo‘nalishida o‘qiyotgan talaba maktabda ona tilidan dars berolmaydi. Talaba o‘qiyotgan yo‘nalish u dars berishni istagan yo‘nalish bilan turdosh, yaqin bo‘lishi talab etiladi.

Masalan, iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba tayyorlov moduli asosida matematikadan bolalarga saboq berishi mumkin bo‘ladi. Axir ular oliygohga tayyorgarlik jarayonida ham dars beradigan fanidan chuqur bilim olgan bo‘ladi. Biz ana shu bilimga psixologiya va metodikani qo‘shimcha ravishda o‘rgatsak, ulardan xalqqa foydasi tegadigan o‘qituvchilar chiqishi mumkin.

Angliya va AQSh kabi davlatlarda oxirgi 20 yilda bu amaliyot keng tarqaldi. Chunki maktablar ko‘p, aholi soni esa oshib boryapti. O‘zbekiston aholisining o‘sish darajasi ham ularnikidan kam emas. Bu esa maktab va o‘qituvchilarga bo‘lgan talabni oshiradi. Hozirda pedagoglar tayyorlaydigan 10 dan ziyod oliygohlarga qo‘shimcha ravishda nopedagog yo‘nalishda o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimi yetarli, ammo pedagogik ko‘nikmasi va ma'lumoti bo‘lmagan kadrlarni sohaga jalb qilmasak, kelajak uchun maktab o‘qituvchilarini hozirdan tayyorlamaydigan bo‘lsak, ertaga ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniq. Bu majburiy emas, o‘zida o‘qituvchilikka xohish bo‘lgan, shu sohaga qiziqqan odam bemalol o‘qishi mumkin.

Tayyorlov kurslari qayerda tashkil etiladi va ular pulli bo‘ladimi?

Bu kurslar hozircha Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti va uning viloyatlardagi 14 ta filialida amalga oshiriladi. Agar bu tizim o‘zini oqlab, yaxshi natijalar kuzatilsa, nodavlat ta'lim muassasalariga ham bu huquqni berish mumkin bo‘ladi. Bu kurslar ikkita yo‘nalishda tashkil qilinadi: talabgorlarning asosiy qismi to‘lov-kontrakt asosida o‘qitilsa, bir qismi uchun grant o‘rinlar ham ajratilishi mumkin. Buning o‘ziga yarasha talablari ham bo‘ladi. Grant asosida ta'lim olgan bo‘lajak ustozlar respublikaning «qizil» toifadagi hududlariga, ta'lim sifati yuqori bo‘lmagan yoki olis hududlardagi maktablarga borib ma'lum muddat ishlab berishi kerak bo‘ladi.

Kurslar davomiyligi kamida 576 soatdan 900 soatgacha bo‘lgan dasturni tashkil etadi. Umumiy o‘rta ta'limda 20 dan ortiq fanlar bo‘lsa, tayyorlov modullarida ham ularning salmog‘iga qarab dasturlar va o‘quv soatlari joriy qilinadi. Bu davr 7 oydan 1 yilgacha vaqt oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Xalq ta'limi tizimi sifatsiz kadrni maktab ostonasiga yo‘latmaslikka harakat qiladi

Bu yangilik haqida e'lon qilganimizda, qabul qilolmaganlar ham bo‘ldi. Bu tabiiy edi, chunki hali tafsilotlar bilan tanishtirib ulgurmagandik. Balki ularning o‘rnida bo‘lganimizda, bizda ham shunday fikr paydo bo‘lishi mumkin edi. Lekin bu xavotirlar o‘rinsiz, chunki mamlakat ham, xalq ta'limi tizimi ham bedarvoza emas. Tizim nomutaxassis, sifatsiz kadrni maktab ostonasiga yo‘latmaslikka harakat qiladi.

Tayyorlov moduli bitiruvchilari yangi tashkilot tomonidan baholanadi

Yangi tayyorlov modullarining o‘quv dasturlari, soatlari, mazmuni, qabul qilish tartibi, bitiruv talablari Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan hamkorlikda yaratiladi. Ushbu modulda tahsil olishning o‘ziga yarasha qonun-qoidalari o‘rnatiladi, ya'ni barcha bitiruvchilar ham ijobiy natija ko‘rsatmasligi mumkin.

Shuni hisobga olgan holda bu kurslarda tahsil olgan bitiruvchilar yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishib chiqishi uchun talablar imkon qadar kuchaytirilyapti. Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ta'lim sifatini xolisona baholash tashabbusi ilgari surilmoqda: hech kimga bo‘ysunmaydigan, ta'lim sifatini shaffof tarzda baholaydigan nodavlat tashkilot tuzilyapti. Tashkilotning vazifasi o‘rtada turib xolis baho berishdan iborat bo‘ladi. Yangi ochiladigan pedagogik tayyorlov kurslari bitiruvchilarini aynan shu tashkilot bilan birga baholashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi

Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Top