12:00 / 26.05.2021
10419
Reklama

AKFA Universiteti kampusini qurish uchun AKFA Medline qimmatli qog‘ozlar bozoridan mablag‘ jalb qildi

AKFA Medline klinikasi umumiy hajmi 211 milliard so‘mga teng bo‘lgan indeksatsiya qilinadigan korporativ obligatsiyalarni joylashtirdi.

AKFA Universiteti ta'sischisi AKFA Medline muomalaga nominal qiymati 10 million so‘mni tashkil etadigan 21 100 dona korporativ obligatsiyalarni chiqardi. Obligatsiyaning muomala qilish muddati besh yil. Obligatsiyalar yopiq obuna yo‘li bilan yagona investor Abu Dhabi Uzbek Investment Company (ADUI) investitsion kompaniyasiga joylashtirildi.

Ma'lumot uchun, ADUI 2019 yilning iyul oyida tashkil etilgan. Kompaniya 2019 yilning mart oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BAAga tashrifi doirasida O‘zbekiston va BAA o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasi natijasida tashkil etildi. ADUI'ning ustav fondi 100 million dollarni tashkil etadi va Abu Dabi Rivojlanish Fondi (ADFR, ulushi 75%) hamda O‘zbekiston Rekonstruksiya va Rivojlanish Fondi (O‘RRF, 25%) mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan. ADUI O‘zbekistonda yuqori salohiyatga ega bo‘lgan investitsion loyihalarni moliyalashtiradi.

ADFR 1971 yil 15 iyulda Abu-Dabi hukumati nomidan imtiyozli kreditlar va grantlar shaklida yordam ko‘rsatuvchi yetakchi milliy tashkilot sifatida tashkil etilgan bo‘lib, rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga erishish bo‘yicha tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etilgan. ADFR shuningdek, foyda oluvchi mamlakatlarda iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishda muhim rol o‘ynab, xususiy sektorni rag‘batlantirishga sarmoya kiritadi.

SAB Capital Advisory kompaniyasi mazkur kelishuvni amalga oshirishda investitsion maslahatchi sifatida ishtirok etdi.

Korporativ obligatsiyalarni joylashtirishdan olingan mablag‘lar AKFA Universitetining Toshkent viloyati Qibray tumanidagi kampusi qurilishini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda ta'lim tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat bermoqda. Mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar tufayli yangi oliy ta'lim muassasalari, jumladan xususiy universitetlar tashkil etilmoqda. AKFA Universitetining zamonaviy kampusini tashkil qilish uchun bizning jamoa ta'lim tizimiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar jalb qildi, - dedi AKFA Medline bosh direktori Kamola Mirzaliyeva. - Men Temur Rahmonov rahbarlik qilayotgan Abu Dhabi Uzbek Investment Company kompaniyasiga professionalizm va obligatsiyalarini sotib olish bo‘yicha qabul qilgan qaroriga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

- Biz O‘zbekiston xususiy kompaniyalari tomonidan sarmoyaga katta ehtiyoj borligini ko‘rmoqdamiz. Kompaniyalar muqobil moliyalashtirish manbalarini qidirib kapital bozoriga kirmoqdalar. Kelajakda biz bunday tranzaksiyalar soni oshishini kutmoqdamiz, - deb ta'kidladi SAB Capital Advisory boshqaruvchi hamkori Samariddin Shamsiyev.

AKFA Universiteti bosh direktori Kamola Mirzaliyeva boshchiligidagi AKFA Medline jamoasiga kampus qurilishi uchun mablag‘ jalb qilishda amalga oshirgan ishlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Ta'sischi va Kamola Mirzaliyevaning qo‘llab-quvvatlashi tufayli hozirda universitetning kampusi qurilishi jadal davom etmoqda. Ta'lim sifatini ta'minlashda moddiy-texnik baza muhim rol o‘ynaydi. Zamonaviy kampus talabalarimiz uchun yaxshi sovg‘a bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, AKFA Universiteti kampusini qurish ishlari joriy yilning fevral oyida boshlandi. Kampus qurilishi uchun 20 gektar yer uchastkasi xarid qilindi.

Shuni ta'kidlash lozimki, AKFA Universitetining kampusini qurish bo‘yicha loyihani bir necha bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihaning birinchi bosqichi 2021 yilda yakunlanishi kutilmoqda.

Kampus hududi bir necha zonalarga bo‘linadi: ta'lim binolari zonasi, turar joylar zonasi, ma'muriyat zonasi, madaniyat zonasi, sport zonasi va klinika zonasi. Barcha zonalar halqa yo‘li va xiyobonlar bilan bog‘lanadi. Bu esa universitet talabalari va xodimlarining kerakli binoga bir necha daqiqada yetib olishlariga imkoniyat yaratadi.

AKFA Universitetining kampusi 10 ming nafar talabalarga mo‘ljallangan. Kampus hududida kutubxona, kafeteriy, yotoqxona, sport inshootlari, laboratoriyalar, klinika va boshqa obektlar joylashadi. Yotoqxona 3 ming kishiga xizmat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

AKFA Universiteti bo‘lajak shifokorlarni tayyorlaydi. Ularning bilim va ko‘nikmalarni olishlari hamda amaliyot o‘tashlari uchun infratuzilma kerak. Kampusda talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashlari uchun trenajyorlar xonasi tashkil etiladi.

Oliy ta'lim muassasasi ma'muriyati klinika yaratishni rejalashtirgan. Mazkur klinikada talabalar malakali shifokorlar bilan hamkorlikda kasallarni qabul qiladilar va ularga tibbiy yordam ko‘rsatadilar.

Qayd etamiz, hozirda AKFA Universitetida tibbiyot, farmatsevtika va stomatologiya, hamshiralik ishi, buxgalteriya va moliya, iqtisod, arxitektura va dizayn, kompyuter muhandisligi, dasturiy ta'minot va ingliz tili fakultetlari mavjud.

Reklama huquqi asosida

Top