10:17 / 26.05.2021
2087
Joriy yil Toshkent viloyatiga qancha tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berilishi ma'lum qilindi

Toshkent viloyati iste'molchilariga joriy yilda jami 2 milliard 893 million kub metr tabiiy va 4 ming 198 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov rahbarligida Toshkent viloyatida iste'molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bir maromda ta'minlash hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUG) joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, viloyat bo‘yicha iste'molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy va suyultirilgan gaz va ularni taqsimlash punktlari, tashish vositalari ma'lum qilingan.

«Toshkent viloyati iste'molchilariga joriy yilda jami 2 milliard 893 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan mavsumga nisbatan 151,4 million kub metrga ko‘pni tashkil qiladi. 

Iste'molchilarni tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida 12 ming 921 km gaz quvurlari va 10 ming 891 ta gaz taqsimlash punktidan foydalaniladi.

Shuningdek, viloyatda 45 ming 798 ta suyultirilgan gaz iste'molchilari mavjud bo‘lib, joriy yilda 4 ming 198 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Bu o‘tgan mavsumga nisbatan 55,3 tonnaga ko‘pni tashkil qiladi.

Iste'molchilarni suyultirilgan gaz bilan ta'minlash maqsadida 2 ta avtosisterna va 27 ta ISUZU avtomashinasidan foydalaniladi.

Viloyatda 3 ta gaz to‘ldirish stansiyasi va punktlari hamda bitta gaz ballon saqlash servis markazlari faoliyat yuritadi», deyiladi Energetika vazirligi ma'lumotida.

Shuningdek, viloyat bo‘yicha jami 593 ming 513 ta zamonaviy tabiiy gaz hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 284 ming 602 ta hisoblagich o‘rnatilgan. Vazir o‘rinbosari tomonidan joriy yil 1 dekabriga qadar 100 foiz o‘rnatish topshirig‘i berilgan.

Top