16:04 / 26.05.2021
12820

«Kompaniya sudda o‘z dalillarini taqdim etishga tayyor». «Beeline» «Uzreport TV» bilan bog‘liq mojaro yuzasidan bayonot berdi

«Uzreport TV» mualliflik huquqlarini himoya qilib, «Beeline» kompaniyasini sudga bergani haqida ma'lum qilingandi. Unda «Unitel» MChJ («Beeline» savdo belgisi) kompaniyasi o‘ziga tegishli bo‘lgan «Beeline TV» mobil ilovasida «Uzreport TV» bilan shartnoma tuzmasdan «Uzreport TV» va «Futbol TV» telekanallarini namoyish qilib, moddiy manfaat ko‘rib kelayotgani aytilgan.

«Beeline» kompaniyasi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda «Beeline Uzbekistan» mualliflik huquqlarni buzganlikda ayblanayotganidan norozi ekani va o‘z pozitsiyasini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi doirasida himoya qilishga tayyorligi aytilgan.

Ma'lum qilinishicha, televizion tarmoqlarni tarqatish bo‘yicha xizmatlarini ko‘rsatish uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan tuzilgan litsenziyalangan shartnomaga muvofiq, «Beeline TV» platformasida telekanallarning retranslatsiyasini amalga oshirishda «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MChJ «Unitel» MChJga «Yagona signal» yetkazib berish bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi.
 
«O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MChJ O‘zbekiston hududida «Yagona signal»ning tarqatuvchisi bo‘lib, televizion kanallar (dasturlar)ning belgilangan to‘plami, ommaviy axborot vositalarining televideniye mahsulotlaridan tashkil topgan, Idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya tomonidan O‘zbekistonning axborot faoliyati va ma'lumotlarni uzatishni takomillashtirish hamda samaradorligini oshirish uchun tasdiqlangani aytiladi.

«O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MChJ tomonidan taqdim etilgan telekanallar to‘plamiga «Uzreport TV» va «Futbol TV» telekanallari ham kiradi. Tuzilgan shartnomaga binoan, «Unitel» MChJ «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MChJ tomonidan telekanallarining belgilangan paketini mustaqil ravishda o‘zgartira olmaydi.

Shunga qaramay, biz «UzReport» MChJ IAdan «O‘zbekiston Kabel Televideniyesi» MChJ tomonidan taqdim etilgan «Uzreport TV» va «Futbol TV» telekanallarining retranslatsiyasini to‘xtatish to‘g‘risida da'vo oldik. Ma'lum qilamiz, kompaniya sudda o‘z dalillarini taqdim etishga tayyor», deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid
Top