19:02 / 26.05.2021
5075

Malining harbiylar tomonidan hibsga olingan prezidenti va bosh vaziri iste'foga chiqdi 

Vitse-prezident Assimi Goita o‘z bayonotida avgustda qabul qilingan o‘tish davri xartiyasini buzishgani sababli prezident va bosh vazirni vakolatlaridan mahrum qilganini bildirdi.

Ikki kun avval harbiylar tomonidan hibsga olingan Malining vaqtinchalik prezidenti Ba Ndao va bosh vaziri Moktar Uan iste'foga chiqdi. Bu haqda Agence France Press xabar berdi.

Shu bilan birga, Mali vitse-prezidenti Assimi Goita lavozimida qoldi.

Mali prezidenti va bosh vaziri 24 may kuni harbiylar guruhi tomonidan qo‘lga olingan va poytaxt Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasiga keltirilgandi.

Vitse-prezident Assimi Goita o‘z bayonotida avgustda qabul qilingan o‘tish davri xartiyasini buzishgani sababli prezident va bosh vazirni vakolatlaridan mahrum qilganini bildirdi. Goitaning qayd etishicha, prezident va bosh vazir yangi hukumat tarkibiga vazirlar tayinlashda tarkib borasida vitse-prezident bilan maslahatlashmagan.

Hukumatning yangi tarkibiga avgustdagi harbiy to‘ntarishning asosiy ishtirokchilari - polkovniklar Modibo Kone va Sadio Kamara kiritilmagan. Ular avvalgi hukumatda ichki ishlar va mudofaa vaziri bo‘lgan.

Goita 2020 yil avgustda amalga oshirilgan harbiy to‘ntarish rahbarlaridan biri bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top