13:33 / 26.05.2021
11964
Samarqandda 84 yoshli onaxonning nafaqasi hech qanday sababsiz berilmagan, murojaatlar e'tiborsiz qolgan

Kimgadir bu muammo kichik ko‘rinar, ammo yoshi 80dan o‘tgan odamning o‘z nafaqasini ololmay sarson bo‘lishi murosa qilib bo‘lmas masaladir.

Keyingi vaqtlarda yoshga doir va boshqa turdagi nafaqaning sababsiz kechikishi yoxud umuman berilmay qolishi haqida turli hududlardan oz bo‘lsa-da murojaatlar kela boshladi. Samarqand shahrida yashovchi 84 yoshli onaxonning arizasini o‘rganarkanmiz, bu gaplar bekorga emasligi oydinlashdi.

Ayni vaqtda insultdan davolanayotgan Barno Xalilovaning murojaatidan bilish mumkinki, muammolar o‘tgan yil kuzidan paydo bo‘la boshlagan. Avvaliga nafaqa belgilanganidan kamroq chiqqaniga sarson bo‘lgan fuqaro, keyinchalik ikki oylik nafaqasini umuman olmagan.

«Birinchi guruh nogironiman, shu sababdan nafaqamda muammo paydo bo‘lsa biror joyga borishim ham muammo. Mart, aprel oylari uchun nafaqam umuman yetib kelmagach, o‘g‘limni pensiya jamg‘armasi shahar bo‘limiga yubordim. Bir necha marta borib, kuni bilan sarson bo‘lib, asabiylashib qaytib kelgan o‘g‘limni ko‘rib hayron qolaman. Mening nafaqam kimga kerak bo‘lyapti?» deydi Barno Xalilova.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limida bo‘ldik.

Bo‘limda mutasaddilar haqiqatan ham onaxonning ikki oylik nafaqasi berilmay qolganini ma'lum qildi. Ammo nima uchun, kimning qanday xatosi bilan bu muammo paydo bo‘lgani va nega fuqaroning murojaatlariga qaramay vaqtida hal etilmagani noaniqligicha qoldi. Bu texnik xato ekani aytildi, xolos. Xo‘p, texnik xato bo‘libdi, bunday vaziyatda fuqaro murojaat qilgan zahoti uzr so‘rab, bartaraf etish kerakmasmidi?

O‘g‘il onasining nafaqa bo‘yicha muammosini hal etish uchun bir necha martalab ushbu idora ostonasida kunini o‘tkazishga majbur bo‘lganini so‘zlab berdi.

«Aslida nafaqaga qarab qolgan joyimiz yo‘q. Ammo onam uchun o‘zlariga tegishli bo‘lgan nafaqa qadrli bo‘lsa kerak, gaplarini yerda qoldirmay shu vaqtgacha bir necha marta shahar pensiya jamg‘armasiga bordim. «Bo‘ldi, keyingi oyga qo‘shvoramiz» deyishadi-yu ammo bu ish qilinmaydi. Tashkilot rahbariga ham uchradim. Tegishli xodimini chaqirib xatolikni bartaraf etishni buyurdi, ammo may oyida yana aldanganimni bildim. Bular, hech qanday sababsiz onamning nafaqa pullarini berishmadi.

Lekin aslida meni hayron qoldirgan narsa bu emas. Onam-ku menga aytadilar, men vaqt topib bu tashkilotga kelaveraman. Ammo farzandlari yonida bo‘lmagan boshqa keksalar bu holatga duch kelishsa nima qilishadi? Qarigan chog‘ida ardoqda yurish o‘rniga bu idora eshigida sarg‘ayishi, xodimlarning qo‘pol muomalasiga toqat qilish qanchalik to‘g‘ri? Aslida xato qilgani uchun bular xijolat bo‘lishi, xatosini tezda to‘g‘rilashi kerak edi-ku?» deydi Barno Xalilovaning o‘g‘li Abubakr G‘afforov.

Abubakr G‘afforovning aytishicha, gap faqat ikki oylik berilmagan nafaqada ham emas, o‘tgan yildan beri ko‘p marta nafaqaning kam chiqqani bo‘yicha ham bank va pensiya jamg‘armasi o‘rtasida sarsongarchilik bo‘lgan. Go‘yoki soha nazoratdan chetda qolgandek.

Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Qamarov haqiqatan ham fuqaro bu masala bo‘yicha kelgach, muammoni hal etish uchun tegishli xodimga topshiriq berganini ma'lum qildi. Qamarovga ko‘ra tez orada, xatoning kelib chiqish sababi o‘rganiladi, bunga yo‘l qo‘ygan va aytilganiga qaramasdan uni bartaraf etmagan xodimning harakatlariga baho beriladi.

Aslida keksalarning nafaqasi masalasida xato bo‘lmasligi, texnik sabab bilan bunday holat yuz bergan taqdirda ham unga oson yechim topish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.
Faxriddin Hotamov olgan suratlar.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top