08:29 / 26.05.2021
5046

Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari shahardagi mahallalarga ma'naviy homiylik qilyapti

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 19 yanvar kuni ma'naviy-ma'rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish mavzusida o‘tkazilgan yig‘ilishda «Bir ziyoli – bir mahallaga ma'naviy homiy» tamoyili asosida professor-o‘qituvchilar va taniqli ziyolilarni biriktirish taklifini bergandi.

 Termiz davlat universiteti rektori Avazjon Marahimov tashabbusi bilan Termiz shahridagi 24 ta mahallaning imkoniyati cheklangan bolalar va kam ta'minlangan fuqarolari holidan xabar olindi.

 Universitetda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, xususan, kam ta'minlangan hamda nogiron bolalarning holidan xabar olish, ularni ma'naviy, ruhiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar boshlab yuborildi.

 Xususan, Termiz shahrining Eski shahar mahallasida yashovchi Iso Ergashevga nogironlik aravachasi sovg‘a qilindi. Bu Iso hamda uning oilasiga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. 

Universitet jamoasi Termiz shahridagi yigirma to‘rtta mahallada bo‘ldilar. Ko‘ngillarga shodlik ulashildi, aholining ijtimoiy ahvoli, turmush tarzi o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida ta'mirtalab uylarni ta'mirlash, vaqtincha ishsiz yoshlarni fan to‘garaklariga jalb qilish, tikuvchilik qilishni istagan ayollarga tikuv mashinasi olib berish va bu orqali ayollarning daromad topishiga ko‘maklashish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga kredit olishda amaliy yordam berish kabi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar eshitildi. 

 Termiz davlat universiteti iqtisodiyot va turizm fakulteti jamoasi Termiz shahridagi Bog‘zor mahallasiga bordi. Mahallada jami 1456 ta oila, 1201 ta xo‘jalikda 5450 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Shundan ayollar daftarida 102 nafar, yoshlar daftarida 146 nafar, temir daftarda 10 nafar fuqaro ro‘yxatda turadi. Shu kungacha 8 nafar “Temir daftar”da turuvchi, 5 nafar “Ayollar daftari”da turuvchi fuqarolarning holidan xabar olindi. “Yoshlar daftari”da turuvchi 95 nafar yoshlar universitetda tashkil etilgan fan, san'at, sport va boshqa to‘garaklar hamda o‘quv kurslariga jalb etildi.

Mahalla hududidagi 9 ta ko‘chadagi ijtimoiy-maishiy muammolar, xususan, ko‘chalarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish kabi ishlarni amalga oshirishda fakultet jamoasi jonbozlik ko‘rsatdi. Ta'bir joiz bo‘lsa, “Bir mahallaga bir ziyoli ma'naviy homiy” tamoyilining amaldagi ijrosini ta'minlashga erishildi. Nogironligi bor 3 nafar fuqaroning holidan xabar olindi.

Bu kabi amaliy ishlar shahardagi barcha mahallalarda tizimli tarzda davom ettirilmoqda.

Termiz davlat universiteti axborot xizmati.

 
Top