23:00 / 26.05.2021
14620

Tojikiston o‘z fuqarolarini Qirg‘izistonga bormaslikka chaqirdi

23 may kuni Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisi Ulug‘bek Maripov chegaraoldi hududlar aholisi bilan uchrashuvida muammoli masalalar hal etilguniga qadar Tojikiston bilan chegara yopilishini aytgandi.

Qirg‘izistonning o‘z chegaralarini to‘liq yopish haqidagi qarori sababli Tojikiston tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni Qirg‘izistonga borishdan voz kechishga chaqirmoqda, deb xabar berdi Aziya-Plyus.

«Tojikiston Respublikasining har qanday transport vositasi orqali yuk va yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslari hamda yakka tadbirkorlariga Qirg‘iziston Respublikasi hududidan foydalanmaslik, balki uchinchi mamlakatlar orqali muqobil yo‘nalishda harakatlanish tavsiya etiladi», deyiladi Tojikiston TIV murojaatida.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara pandemiya sababli 2020 yil martda yopilgandi. Ammo epidemiologik talablarga rioya qilgan holda yuk transporti hamda ayrim fuqarolar chegaradan o‘tishi mumkin edi. Masalan, chiptalar arzonligi tufayli Tojikiston fuqarolari Rossiyadan o‘z vatanlariga Qirg‘iziston orqali qaytayotgandi. 

23 may kuni Qirg‘iziston vazirlar mahkamasi raisi Ulug‘bek Maripov chegaraoldi hududlar aholisi bilan uchrashuvida muammoli masalalar hal etilguniga qadar Tojikiston bilan chegara yopilishini aytgandi.

Keyinroq Qirg‘iziston OAV vazirlar mahkamasining qarori bilan Tojikiston fuqarolariga Qirg‘iziston hududiga kirish-chiqish, mamlakatda bo‘lib turish va tranzit harakatida vaqtinchalik cheklovlar joriy etilganini e'lon qildi. 

Qayd etilishicha, cheklovlar Qirg‘iziston va Tojikiston diplomatik vakolatxonalari xodimlari va ularning oila a'zolari, avvaldan kelishilgan holda tashrif buyuradigan Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiy shaxslariga taalluqli emas.

Shuningdek, Tojikiston hududidagi Qirg‘iziston fuqarolari Qirg‘izistonga kirishi hamda Qirg‘iziston hududidagi Tojikiston fuqarolari Qirg‘izistondan chiqib ketishiga ruxsat beriladi.

Mavzu
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida otishma ro‘y berdi. Tomonlar nizoda yana bir-birlarini ayblashmoqda.
Barchasi
Top