16:46 / 26.05.2021
9446
«To‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar tomonidan to‘lov amalga oshirilgan» - DTM Senat xabari bo‘yicha izoh berdi

25 may kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida ayrim budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar mablag‘lari shakllantirilishi va ulardan foydalanish samaradorligini o‘rganish natijalariga oid masala ko‘rib chiqilgandi.

Senat axborot xizmati ma'lumotida 2019-2020 o‘quv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abituriyentlardan 896,4 mln so‘m ortiqcha to‘lov undirilgani, 30 mlrd so‘m mablag‘ tijorat banklari depozitlariga elektron saralash tizimisiz to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan kelishuv asosida joylashtirilgani, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilmasdan 11,2 mlrd so‘mlik xaridlar amalga oshirilgani qayd etilgan.

Davlat test markazi mazkur holatlar yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Abituriyentlardan ortiqcha undirilgan to‘lov bo‘yicha ma'lum qilinishicha, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta'lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta'minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqi yarim baravari miqdorida to‘lov undirilishi joriy etilgan.

“2019-2020 o‘quv yili qabulida oldingi yillar bitiruvchilaridan test sinovi uchun to‘lov undirish birinchi marta joriy etilgan bo‘lib, mazkur yilda abituriyentlardan hujjatlar qabuli oliy ta'lim muassasalari qabul komissiyalari va Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilgan. Unda abituriyentlar hujjatlarini topshirish uchun oliy ta'lim muassasalar qabul komissiyalari yoki Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilganda, ular tomonidan to‘lovni amalga oshiradigan toifadagi abituriyentlarga to‘lovni amalga oshirish uchun kvitansiya shakllantirib berilgan va abituriyentlar to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng hujjatlarini topshirgan. To‘lov undirilmaydigan toifadagi abituriyentlarning hujjatlari esa shu zahoti qabul qilingan. Bunda to‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar toifalari haqidagi ma'lumotlar Davlat test markazi tomonidan oliy ta'lim muassasalar qabul komissiyalari va Davlat xizmatlari markazlariga yetkazilgan hamda Davlat test markazi telegram-kanalida e'lon qilingan.

Shunday bo‘lsa-da, to‘lovni amalga oshirmaydigan abituriyentlar tomonidan hujjatlarni topshirish jarayonida test sinovi uchun to‘lovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Buning natijasida 896,4 mln so‘m ortiqcha to‘lov amalga oshirilgan. O‘tgan davr mobaynida abituriyentlarning arizasiga asosan ortiqcha to‘langan 156,3 mln so‘m mablag‘ egalariga qaytarilgan. 2021 yilning 25 mart holatiga ortiqcha to‘langan mablag‘ miqdori 740,1 mln so‘mni tashkil etadi. Qolgan abituriyentlar to‘lovni qaytarish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilmaganliklari sababli, Davlat test markazida ularning to‘lovlarini qaytarish imkoniyati bo‘lmayapti.

Shunday bo‘lsa-da, ularning ma'lumotlari tahlil qilinib, noto‘g‘ri to‘lov amalga oshirgan 3 170 nafar abituriyentning ma'lumotlari 2020 yil uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar bazasidan aniqlanib, ularning telefon raqamlariga SMS xabarnomalar yuborilgan. Qolgan 4132 nafar abituriyentning ma'lumotlariga aniqlik kiritib bo‘lmayapti”, deyiladi DTM bayonotida.

Davlat test markazi mazkur abituriyentlar ariza bilan murojaat qilganda, ularning to‘lovlari qaytarilishini ma'lum qilgan.

Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklariga depozitga qo‘yish bo‘yicha izohda aytilishicha, Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi nizomida jamg‘arma vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini O‘zbekistonning moliyaviy barqaror va to‘lov qobiliyati yuqori bo‘lgan depozit hisob varaqlariga joylashtirish belgilangan.

“Shunga asosan, “Mikrokreditbank”, “Ipoteka bank”, “Davr bank”, Ipak yo‘li” va “Asaka bank” tijorat banklaridan takliflar olingan. Olingan takliflar komissiya tomonidan o‘rganib chiqilib, bank ishonchli hamkor maqomiga eka ekani, depozitni qisman yoki to‘liq qaytarilgan vaqtda foiz stavkasi o‘zgarmasligi, depozitga qo‘yiladigan mablag‘lar va foizlarning o‘z vaqtida qaytarilishini kafolatlaydigan shartlari ko‘rib chiqilib, komissiya bayonnomasi asosida 2019 yilda 30,0 mlrd so‘m mablag‘ depozitga joylashtirilgan.

Prezidentning 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4555-sonli qarori 26-bandida 2020 yil 1 yanvardan boshlab budjet tashkilotlari jamg‘armalarining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga joylashtirish, ularning so‘rovlari asosida Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishilgan holda elektron auksion orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Davlat test markazi tomonidan 30 mlrd so‘m mablag‘ ushbu qaror chiqishidan oldin depozitga qo‘yilgan bo‘lib, muddati tugashi bilan yurist xulosasiga asosan qo‘shimcha kelishuvlar bilan shartnoma muddati uzaytirilgan”, deyiladi izohda.

Davlat xaridlari bo‘yicha ma'lum qilinishicha, davlat komissiyasining 2020 yil 19 iyuldagi 1-son va 2020 yil 28 avgustdagi 3-son bayonlari bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020-2021 o‘quv yili qabulida test sinovlarida abituriyentlarni tibbiy niqob, qo‘lqop, ruchka, ichimlik suvi, bosh kiyim, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o‘z vaqtida ta'minlash maqsadida istisno tariqasida Respublika tovar-xomashyo birjasi maxsus elektron portaliga e'lon joylashtirmasdan va elektron savdolarsiz, tendersiz ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.

“Shuningdek, mazkur tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplanishi qayd etilgan. Davlat test markazi tomonidan ichki tanlov asosida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha ma'lumotlar Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e'lon qilingan”, deyiladi bayonotda.

Top