13:56 / 27.05.2021
36186
«Fly Egypt» samolyoti Toshkent markazidan qoidaga xilof tarzda uchib o‘tdi. O‘zbekistonda aviahodisa yuzasidan komissiya tuzildi
Foto: Flickr

O‘zbekiston Transport vazirligi Misrning “Fly Egypt” aviakompaniyasi havo kemasi bilan sodir bo‘lgan aviahodisa yuzasidan rasmiy izoh berdi.

Joriy yil 26 may kuni Toshkent – Qohira yo‘nalishi bo‘yicha FEG 1402 qatnovini bajarayotgan “Fly Egypt” aviakompaniyasining ro‘yxat raqami SU TMG bo‘lgan, Boeing-737 rusumli havo kemasi ekipaji “Toshkent” aeroportidan parvozni amalga oshirish jarayonida noto‘g‘ri manyovrni amalga oshirgan. 

AviaSpotter telegram-kanali xabariga ko‘ra, “Fly Egypt” aviakompaniyasi samolyoti Toshkent markazidan qoidaga xilof tarzda uchib o‘tgan. Misr samolyoti poytaxt markazidan ruxsat berilmagan qayrilishni amalga oshirgan. 

Transport vazirligi rasmiy izohida aytilishicha, ayni damda ushbu holat yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 27 dekabrdagi 505-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida fuqaro aviatsiya havo kemalari bilan sodir bo‘lgan aviatsiya halokati va insidentlarini tekshirish qoidalari”ga muvofiq aviahodisa tekshiruvini o‘tkazish yuzasidan komissiya tuzildi. 

“Komissiya tomonidan holat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi Transport vazirligi axborot xizmati bayonotida. 

Top