08:50 / 27.05.2021
6519

Jyeff Bezos Amazon’ni kompaniya tashkil qilingan kun tark etishini ma'lum qildi 

Bu 5 iyulda yuz beradi. 1994 yil ushbu kun Amazon kompaniyasi rasman tashkil etilgan. Jyeff Bezos bosh direktor lavozimini tark etgach, direktorlar kengashi raisi kursisini egallaydi va o‘z e'tiborini yangi mahsulotlar yaratishga qaratadi.

Amazon asoschisi va bosh direktori Jyeff Bezos kompaniya tashkil etilgan kun – 5 iyulda o‘z lavozimini tark etmoqchi. U bu haqda kompaniya aksiyadorlari yig‘ilishida ma'lum qilgan.

«Biz ushbu sanani men uchun ahamiyatli bo‘lgani sabab tanladik. Roppa-rosa 27 yil avval, 1994 yil shu kun Amazon ta'sis etilgandi», deb aytgan Bezos yig‘ilishda.

Dunyoning eng boy odami o‘z lavozimini tark etishi joriy yil fevral oyida ma'lum bo‘lgandi. Kompaniya bosh direktori lavozimini Amazon Web Services rahbari Endi Yassi egallaydi.

«Endi kompaniyada yaxshi tanish va unda men necha yil ishlayotgan bo‘lsam, deyarli shuncha yildan beri ishlab kelmoqda. U ajoyib yetakchi bo‘ladi va men unga to‘liq ishonaman», deb aytgan Bezos fevralda.

Bezos iste'foga ketgandan keyin kompaniya direktorlar kengashi raisi lavozimini egallaydi va o‘z e'tiborini yangi mahsulotlar yaratishga qaratmoqchi.

Amazon rahbari kompaniyaning muhim loyihalarida ishtirokini davom ettirsa-da, vaqtining bir qismini o‘zining Bezos Earth Fund va Amazon Day 1 Fund jamg‘armalariga, Blue Origin aerokosmik kompaniyasi va The Washington Post nashriga qaratishni rejalashtirmoqda.

Bezos Amazon rahbari lavozimini kompaniya tashkil etilgan kundan boshlab egallab kelmoqda. Uning o‘rnini egallaydigan Endi Yassi esa kompaniyaga 1997 yilda qo‘shilgan va o‘shandan beri Amazon Web Services’ga rahbarlik qilib keladi.

Bezos Bloomberg Billionaires Index reytingiga ko‘ra, hozirda 189 mlrd dollar boylik bilan dunyoning eng boy odami hisoblanadi.

Mavzuga oid
Top