14:04 / 27.05.2021
3205

Kitobda yolg‘iz o‘g‘il pichoqlanishi bilan bog‘liq sud yakunlandi, sudlanuvchining aybi isbotlandi

Kun.uz saytida «Kitobda yolg‘iz o‘g‘il pichoqlandi va bir ko‘zidan ajraldi: zarar qoplanmadi, ish esa «bosti-bosti» qilindi» sarlavhali surishtiruv e'lon qilingandi. G‘aybulla Ostonov raisligida o‘tgan sudda surishtiruvda yozilgan barcha fikrlar o‘z isbotini topdi.

Birinchidan, 2020 yil 2 mart kuni Usmonov Shahzodni xolavachchasi (Xadicha opaning opasi Zulayho Husanovaning o‘g‘li) 24 yoshli Dadaxon Hasanov mushtlari bilan urib, chap ko‘zi soqqasini yorib yuborgani isbotlandi. Birinchi tergovda eshikka urilgan deya qayd etilgani o‘z isbotini topmadi.

Ikkinchidan, Shaxzodning badaniga 2 marta pichoq bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazilgani, tergovdagi «pichoqni ustiga yiqilgan» degan jumlasi bilan kelishib bo‘lmasligi, yuk bilan yiqilganda pichoq bir martada to‘liq kirib ketishi tasdiqlandi.

Uchinchidan, advokat Sobit Xushovni iltimosnomasi asosida o‘tkazilgan qayta sud-tibbiy ekspertiza jarohatlangan ko‘z umuman ko‘rmasligini, ikkinchi ko‘zning ko‘rish qobiliyati ham kamayib borayotganini qayd etdi.

To‘rtinchidan, Dadaxon Hasanovni qilmishi birinchi tergovdagidek 111-moddasi (ehtiyotsizlik orqasidan badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi bilan emas, 104-modda 1-qism bilan kvalifikatsiya qilindi.

26 may kuni tomonlar muzokarasi o‘tkazildi. Yuqoridagilarni inobatga olib Kitob tuman prokurori yordamchisi Sunnatilla Nazarov uzil-kesil 5 yillik qamoq jazosi tayinlanishini so‘radi. Shaxzod Usmonov va uning advokati Mo‘tabar Xolisova sudlanuvchi moddiy zararni qoplagani, yaqin qarindosh bo‘lganini inobatga olib qonuniy yengillik berishini so‘radi.

Sudlanuvchining advokati S.Xushev ham ikkala tomon yaqin qarindoshligi, moddiy zarar qoplangani, mijozi Sh.Usmonovni davolanishiga yordam qilishini, qamoq jazosi bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishini so‘radi.

Sud raisi muzokaradan so‘ng sudlanuvchi Dadaxon Hasanovga 3 yillik uy qamog‘i jazosi tayinladi, jabrlanuvchi tomonga moddiy va ma'naviy zarar bo‘yicha yana fuqarolik tartibida murojaat qilishi mumkinligi tushuntirildi.

Kitoblik Shahzodbekni jarohati bilan bog‘liq sud ikki oy davom etdi. Sudda tibbiy ekspert Sh.Usmonovning jarohati 33 foiz jismoniy qobiliyatini yo‘qotishga sabab bo‘lganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid
Top