18:23 / 27.05.2021
3393
Nukusda ayollarning yo‘lni to‘sib qo‘yish holati bo‘yicha rasmiy ma'lumot berildi

Oldinroq Nukusdagi Allayar Dosnazarov ko‘chasida bir guruh ayollar yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabar bergan edik. Dastlabki ma'lumotlarda ayollar nafaqa pullari berilmagani uchun ko‘chani to‘sib qo‘ygani aytilgandi. Nafaqa jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, "Xalq banki" Nukus filiali tomonidan ijtimoiy nafaqa pullari har oyning 27-sanasigacha berilishi belgilangan. Rasmiylarga ko‘ra, fuqarolarning nafaqa pullari tez kunda to‘liq to‘lab beriladi. 

To‘lovlarning kechikishiga 13 ta vazirlik va tashkilotlarning ayrimlarida elektron axborot almashish jarayonida texnik muammolar yuzaga kelgani sabab bo‘lgan. Shu bois to‘lovlar 25 maydan amalga oshirila boshlangan.

Ma'lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 38,9 mlrd so‘m, shundan Nukus shahri bo‘yicha 5,6 mlrd so‘mlik to‘lovlar 27 may kuni to‘liq moliyalashtiriladi, deyiladi rasmiy xabarda. Nukusda necha nafar ayolning nafaqa pullari kechikayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq bundan oldin Qonliko‘lda bog‘cha tarbiyachilari avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygandi. Undan oldin esa Nukusda oyligi berilmagan odamlar ko‘chani to‘sib qo‘yishgandi.

Top