19:36 / 27.05.2021
13239
O‘FA prezidenti O‘zbekiston milliy jamoasi a'zolari bilan uchrashdi 

Bugun, 27 may kuni O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov safar oldidan O‘zbekiston milliy jamoasi a'zolari bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda O‘FA rasmiy sayti. 

«Futbolimiz rahbari milliy jamoamiz oldida turgan musobaqalarning mas'uliyati, nomzodlarning asosiy tarkibga loyiqligini isbotlashi qanchalik zarurligi, har bir o‘yinga sidqidildan tayyorlanish lozimligi haqida fikr bildirdi. 

Ijobiy natijaga erishish uchun O‘FA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etilishi ta'kidlandi. O‘z o‘rnida Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov singari jamoa yetakchilari ham ushbu bahslar haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Abdusalom Abdumavlonovich mas'uliyatli turnirda jamoaga omad tiladi», - deyiladi xabarda.

O‘zbekiston milliy jamoasi delegatsiyasi 28 may kuni so‘nggi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazish uchun BAAga jo‘nab ketadi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida JCh-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari doirasida Saudiya Arabistonida o‘tadigan markazlashgan turnirda O‘zbekiston milliy jamoasi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni jamoalariga qarshi o‘yinlarda keyingi bosqich yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

JCh-2022 saralash bosqichi. D guruhi
7 iyun. O‘zbekiston – Singapur. 23:00
11 iyun. Yaman – O‘zbekiston. 23:00
15 iyun. Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston. 23:00.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi 5 o‘yindan keyin guruhda Saudiya Arabistondan keyingi 2-o‘rinda bormoqda. Vadim Abramov shogirdlari hisobida 9 ochko mavjud.

Top