18:43 / 27.05.2021
12298
O‘zbekiston milliy jamoasi Avstraliyaga qarshi o‘ynamaydigan bo‘ldi, Dubaydagi raqib o‘zgardi

O‘zbekiston milliy jamoasining Dubaydagi yig‘inga va keyinchalik Saudiya Arabistonida o‘tadigan JCh-2022 saralash bosqichi o‘yinlariga yo‘l oladigan tarkibi aniq bo‘ldi. Chimyondagi yig‘inda qatnashgan 10 futbolchiga javob berildi va ular Saudiyaga bormaydi.

Rejaga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi 29 may kuni Dubayda Avstraliyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushishi kerak edi. Biroq Avstraliya milliy jamoasi bir necha futbolchisi jarohat olgani sabab o‘yinni bekor qilishga qaror qilgan. Bu haqda O‘FA axborot xizmati xabar bergan.

Manbada yozilishicha, endi O‘zbekiston 30 may kuni Tailandga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushadi. Uchrashuv qanday tartibda o‘tishi aniq emas. Avstraliyaga qarshi o‘yin esa 30 daqiqadan 3 ta taymga bo‘lib o‘tkazilishi aytilgandi.

Ma'lumot uchun, JCh-2022 ikkinchi saralash bosqichini «D» guruhida o‘tkazayotgan O‘zbekiston 5 o‘yindan keyin 9 ochko to‘plab ikkinchi o‘rinda bormoqda. Saralash guruhining oxirgi uchta o‘yinini O‘zbekiston Saudiyada o‘tkazadi. Abramov jamoasi 7 iyun kuni Singapur bilan, 11 iyun kuni Yaman bilan, 15 iyun kuni Saudiya bilan o‘ynaydi. Guruh g‘olibi va barcha guruhlardagi eng yaxshi ikkinchi o‘rinni olgan 4 jamoa JCh-2022 saralashining hal qiluvchi bosqichiga yo‘l oladi.

Top