16:11 / 27.05.2021
37243

Past Darg‘omdagi fojia bo‘yicha suitsidga undash moddasi bilan jinoyat ishi ochildi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidan oqib o‘tuvchi kanaldan 17 yoshli qizning jasadi topilgani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Avvalroq Kun.uz surishtiruvi holat bo‘yicha dalillar yo‘qotilgan bo‘lishi mumkin degan xavotirlarni o‘rtaga chiqargandi.

Jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 103-1-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirishga undash) bilan bugun, 27 may kuni qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, ish tergov o‘tkazish uchun Past Darg‘om tuman IIB Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, 17 yoshli maktab o‘quvchisining jasadi 12 may kuni topilgani haqida Kun.uz xabar bergan edi.

Keyinroq Kun.uz surishtiruvi qiz o‘limidan oldin zo‘rlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgandi.

Xususan, marhumning yaqinlariga ko‘ra, qiz bilan bir maktabda o‘qigan 10-sinf o‘quvchisi maktab qorovulxonasida uning nomusiga tekkanini tan olgan.

«Qorovulxonani ko‘zdan kechirganimizda, qon izlari yuqib qolgan oq mato bor edi. Bundan tashqari, devorda barmoq izlari va tirnalgan joylarni ko‘rdik. Sh. aynan «shu xonaga qizni olib keldim va zo‘rladim», dedi. Shundan so‘ng profilaktika inspektori qon dog‘lari tekkan matoni paketga soldi», – deydi marhumning qarindoshi Bahodir Mahmudov.

Kun.uz o‘z surishtiruvi davomida mahalla profilaktika inspektori bilan bog‘lana olmadi. Maktab qorovulxonasi esa ayni paytda ta'mirlab qo‘yilgan. Bu esa qizning yaqinlarida dalillar yo‘qotilgan bo‘lishi mumkin degan xavotirni yuzaga chiqarmoqda.

Suratda o‘ngda – maktab qorovulxonasi / Foto: Kun.uz

Tuman prokuraturasi tergovchisi Lochin Nurmurotovga ko‘ra, sud tibbiy ekspertizasi «o‘lim suvga cho‘kish sababli kelib chiqqan, uning qizlik pardasi butun, jinsiy a'zolarida jarohatlar aniqlanmadi», deya dastlabki xulosani bergan.

Biroq mayitni yuvgan Klara Hayitovaning Kun.uz bilan suhbatda aytishicha, qizning yelka qismida, labida ko‘karish, shish, jinsiy a'zolari qontalash va jarohat izlari bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top