15:24 / 27.05.2021
7923

Ryanair samolyotiga bomba qo‘yilgani to‘g‘risidagi maktub Belarus hukumati uchuvchilarni ogohlantirganidan keyin jo‘natilgan – OAV

Ekspertlar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko HAMAS harakati a'zolari jo‘natganini iddao qilgan elektron maktubning aslini ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Ryanair aviakompaniyasining Minskda favqulodda qo‘ndirilgan samolyoti portlashi to‘g‘risidagi elektron maktub ekipaj bu haqda ogohlantirilganidan 24 daqiqa o‘tgach jo‘natilgan. Bu haqda The Daily Beast nashri «Dose» markazi va Newslines bilan hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruv natijasiga tayanib xabar qilmoqda.

Ekspertlar Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko HAMAS harakati a'zolari jo‘natganini iddao qilgan elektron maktubning aslini ko‘rib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Lukashenkoning so‘zlariga ko‘ra, aynan mana shu maktub Ryanair samolyotining Minskda majburan qo‘ndirilishiga sabab bo‘lgan.

Asl nusxadagi vaqt qaydining ko‘rsatishicha, maktub Belarus hukumati uchuvchi va ekipajni samolyot minalashtirilgani to‘g‘risida ogohlantirganidan 24 daqiqa o‘tganidan so‘ng jo‘natilgan.

«Biz, HAMAS askarlari Isroildan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilamiz. Biz YeI Isroilni bu urushda qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishini talab qilamiz. Delphi Economic Forum qatnashchilari uylariga FR4978 reysida qaytishlari ma'lum. Bu samolyotga bomba qo‘yilgan. Talablarimizni bajarmasangiz, bomba 23 may kuni Vilnyus ustida portlaydi», deyilgan maktubda. HAMAS vakili Favzi Barhum harakatning bu maktubga mutlaqo aloqasi yo‘qligini ma'lum qildi.

Shuningdek, qayd etilishicha, maktub Minsk milliy aeroporti elektron manziliga soat 12:57da, samolyot Belarus havo makoniga birinchi marta kirganidan 27 daqiqa va Minsk havo harakati boshqarmasi uchuvchiga samolyotda bomba borligi haqidagi xabar bir nechta aeroportga yetkazilganini aytganidan 24 daqiqa o‘tgach jo‘natilgan.

Gretsiya fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi bu haqda hech qanday ogohlantiruvchi xabar olmaganini bildirdi. Litva maktub olgan, ammo u Vilnyus aeroportiga emas, balki Litvadagi uchta aeroportga xizmat ko‘rsatuvchi «Litovskiye aeroporti» davlat korxonasi manziliga kelgan.

Yevropa Ittifoqi va Ryanair aviakompaniyasi bu voqeani «davlat homiyligidagi qaroqchilik» deb atadi. YeI aviakompaniyalari Belarus hududi ustidan parvozlarni to‘xtatdi va «Belavia» kompaniyasiga Yevroittifoq mamlakatlariga uchish taqiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Minsk aeroporti matbuot xizmati Afinadan Vilnyusga uchgan samolyot «minalashtirish» haqidagi xabardan so‘ng majburan qo‘ndirilganini ma'lum qilgandi. Samolyot bortida Belarusda ekstremistik deb tan olingan NEXTA Telegram-kanalining sobiq muharriri va asoschilaridan biri Roman Protasevich va uning sevgilisi Sofya Sapega bo‘lgan. Ular samolyot qo‘ngach qo‘lga olingan.

Mavzu
Afina-Vilnyus reysi mojarosi
Minskda Nexta muxolifatchi Telegram-kanali sobiq muharriri Roman Protasevich qo‘lga olindi. U uchayotgan samolyot bomba haqidagi xabar tufayli Belarusga favqulodda qo‘ndirildi. Qo‘nish haqidagi qarorni Lukashenkoning shaxsan o‘zi «Yevropani himoya qilish» uchun qabul qilgan
Barchasi
Mavzuga oid
Top