10:47 / 27.05.2021
5941

Shofirkonlik 94 yoshli otaxonga 9 mayda bir martalik mukofot puli nega berilmaganligi ma'lum bo‘ldi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidagi Sultonobod mahallasida yashovchi 94 yoshli Jabbor bobo Mardonovga 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayrami arafasida pul mukofoti topshirilgani, biroq ushbu mablag‘ qaytarib olib ketilgani haqidagi xabar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz Shofirkon tumanida bo‘lib, holatni yaqindan o‘rgandi.

Prezidentning 2021 yil 20 apreldagi tegishli farmoniga ko‘ra,  ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi nazarda tutilgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, Jabbor bobo Mardonov front orti mehnat faxriysi bo‘lganligi bois unga bir martalik ushbu pul mukofoti berilmagan. 

Ma'lum bo‘lishicha, viloyatdagi fron orti mehnat faxriylariga bayram munosabati bilan viloyat hokimi Botir Zaripovning tashakkurnomasi hamda may oyi pensiya pullari topshirilgan. Jumladan, 2021 yil 7 may kuni Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Shofirkon tuman bo‘limi hamda Xalq banki mas'ul xodimlari Jabbor bobo Mardonov xonadoniga kelib, bayram bilan tabriklashgan hamda hokimning tashakkurnomasini topshirishgan. Bobo pensiya pulini 5 may kuni olganligi sababli, unga faqatgina tashakkurnomaning o‘zi berilgan. 

«Biz 8 nafar o‘g‘ilmiz. Otamning biror narsaga ehtiyoji yo‘q. Otam kunduz kunlari ko‘chaga chiqib, o‘tgan-ketgan bilan gaplashib o‘tiradi. Biror kishi bayramda sizga pul mukofoti berishdimi, deya so‘ragan bo‘lsa, otam buni noto‘g‘ri tushungan bo‘lishlari mumkin. Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida ishlovchi nabirasi Alisher uyga kelganida, otam ushbu holatni unga aytgan. Alisher esa tushunmasdan ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan», — deya ta'kidlaydi Jabbor bobo o‘g‘li Isroil Mardonov.

Isroil Mardonov

Boboga mukofot puli berilib, qaytarib olingani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketgach, holatga viloyat hokimligi rasmiy munosabat bildirdi. Unda ta'kidlanishicha, hozirda Buxoro viloyatida 19 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 658 nafar front orti mehnat faxriysi bo‘lib, bayram arafasida ularning holidan xabar olingan. Viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlardan so‘ng Jabbor bobo Mardonovga oila a'zolarining talabiga ko‘ra joriy yil 7 iyuldan Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun Buxoro sanatoriysiga davolanish uchun yo‘llanma ajratilishi ta'minlangan.

Behzod Adizov,
Kun.uz muxbiri.

Top