11:14 / 27.05.2021
15964
Tashqi qarz. Alohida majburiyatlar va beshikdagi chaqaloqning qarzi yo‘qligi haqida ekspert bilan suhbat

O‘zbekiston tashqi qarzi o‘sib borayotgani so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Kun.uz shu mavzuda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ilmiy xodimi Xalilulloh Hamidov bilan suhbat uyushtirdi.

Suhbat davomida mutaxassis tashqi qarzning o‘sishiga sabab bo‘layotgan omillar, O‘zbekistonning har bir fuqarosi bo‘ynida 1000-1100 dollar miqdorida tashqi qarz majburiyati turgani haqidagi fikrlar o‘rinsizligi va kelgusida qaysi omillar tashqi qarz hajmi kamayishi yoki barqaror darajada saqlanib qolishiga zamin yaratishi mumkinligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Davlat tashqi qarzi so‘nggi 2 yilda ikki baravar oshishi va O‘zbekiston uchun davlat tashqi qarzining xavfsiz darajasi qanday miqdorda bo‘lishi kerakligi haqida

So‘nggi vaqtlarda tashqi qarz masalasi jamoatchilik tomonidan keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tashqi qarzning barqaror darajasi, albatta, mamlakatning ichki va tashqi imkoniyatlaridan kelib chiqib belgilanadi. Agar biror mamlakat o‘zining tashqi qarz bo‘yicha joriy va kelgusidagi majburiyatlarini hech qanday istisnolarsiz va moliyaviy yordamlarsiz bajara olsa, bu o‘sha davlat uchun tashqi qarzning barqaror darajasi hisoblanadi. Bizda Moliya vazirligi bu borada mas'ul tashkilot hisoblanib, XVF bilan birgalikda tashqi qarzning xavfsiz darajasini hisoblab chiqqan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston uchun tashqi qarzning xavfsiz darajasi YaIMning 60 foizi miqdorida belgilangan. Joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich YaIMning 36,5 foizini tashkil etmoqda.

Shuningdek, tashqi qarzning barqarorligini ko‘rsatib beruvchi yana bir indikator tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari hisoblanadi. Bu har xil: YaIMga yoki davlatning daromadlari va xarajatlariga nisbatan o‘lchanadi.

Bundan tashqari, har yili budjet qonuni ishlab chiqilayotgan paytda tashqi qarzning aniq miqdori belgilanadi. Bunda jalb qilinayotgan mablag‘ning foiz stavkalari, Fiskal xarajatlari hisoblab chiqiladi.

Umuman olganda, davlat qarzining oshishiga ikki sabab ta'sir o‘tkazadi: hukumat o‘z nomidan qarz jalb qiladi yoki qaysidir davlat korxonasi hisobiga mablag‘ jalb etiladi va bunda davlat unga kafil bo‘ladi. Bunda xalqaro standartlar bo‘yicha, korxona olgan mablag‘ ham davlat tashqi qarzi sifatida statistikaga kiritiladi. 2021 yilning 1 yanvar holatidagi tashqi qarz ko‘rsatkichlarida ham 6 mlrd dollardan oshiq mablag‘lar aynan davlat kafolati ostida korxonalar tomonidan jalb qilingan.

Umumiy iqtisodiyotda davlatning o‘zining alohida majburiyatlari bor. Xususan, ishlab chiqarish jarayonini rivojlantirish uchun infrastrukturani yaxshilash kerak: avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar yoki aeroport qurilishi tabiiy jarayon. Yoki sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish uchun bir qancha loyihalarni amalga oshirish kerak. Ayni paytdagi moliyaviy imkoniyatlar cheklangani bois, imtiyozli mablag‘larni jalb qilishga majbur bo‘lyapmiz. Ammo imkoniyat cheklangani davlat tomonidan o‘zining funksiyalarini kechiktirishga sababchi bo‘lib qolmasligi kerak. Natijada, bu ishlarni amalga oshirishning ma'lum bir qismi tashqi qarzlar evaziga bajarilmoqda.

Ayni paytda bizda davlat daromadlarini oshirish uchun «halollik vaksinasi» yetishmayapti. Bunda ma'lum aholi qatlami ham qaysidir ma'noda aybdor. «Qora bozor»ning iqtisodiyotdagi ulushi qanchalik kamaysa, soliq tushumlari va davlat budjeti shunchalik barqarorlashadi. Bunda har ikki tomon ham birday manfaatdor. Davlat bir qadam oldinga tashlasa, tadbirkor yoki fuqaro ham unga ergashib bir qadam oldinga tashlashi kerak. Chunki ikki tomonning ham umumiy maqsadi va manfaati bitta. Bunday tajribani G‘arbning ko‘plab davlatlarida yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Chet el valutasida jalb qilingan tashqi qarzlar va ularning foiz stavkalari haqida

Tashqi qarz jalb qilinayotgan paytda foiz stavkalari qat'iy belgilandi. Jalb qilingan tashqi mablag‘larning aksariyati 1-1,5 foiz qat'iy belgilangan foiz stavkalarida olingan. Ayni paytda tashqi qarz portfeli valuta tarkibining 70 foizini dollar tashkil etmoqda. Bunda bizda noto‘g‘ri tushuncha paydo bo‘lmasligi kerak, ya'ni dollarning kursi oshyapti, demak foiz stavkalari ham ko‘tarilyapti degani emas. Oldinlari so‘mning dollarga nisbatan qadrining pasayishi ancha baland bo‘lgan bo‘lsa-da, oxirgi paytlarda bu ancha barqaror ko‘rinishga kelib qoldi.

Xitoy moliyaviy tashkilotlaridan tashqi qarz jalb qilinayotgan paytda hukumat alohida majburiyatlarni olganmi?

Avvalo, tashqi qarz jalb qilinayotganda ikki tomon o‘rtasida shartnoma imzolanadi. Bunda mablag‘larning oylik yoki yillik qaytarish summalari aniq ko‘rsatilgan bo‘ladi. Mablag‘ jalb qilinayotganda hamisha ham alohida shartlar qo‘yilmaydi, agar shunday bo‘lganda jahon iqtisodiy inqirozidan keyin Gretsiya degan davlat butunlay yo‘q bo‘lib ketishi kerak edi. Qirg‘iziston prezidentining yaqinda bergan bayonotida mamlakatdagi ba'zi obektlar Xitoy tomoniga o‘tib ketishi aytilgan bo‘lsa-da, bu avvalo, hukumat tomonidan jalb qilingan mablag‘ni o‘z vaqtida qaytara olmagan paytda amalga oshirilishi mumkin. Bunda ham agar bu shartlar shartnomada aniq ko‘rsatilgan bo‘lsagina amalga oshiriladi. Ochiqlangan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati tashqi qarz jalb qilayotgan paytda hech qanaqa alohida majburiyatlarni olmagan. Hozirgacha O‘zbekiston qarzini qaytara olmayapti, degan biror ma'lumotga ham ko‘zimiz tushmadi.

Yaqinda ayrim iqtisodchi-ekspertlar tomonidan O‘zbekistonning har bir fuqarosi, hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlar bo‘ynida ham 1000-1100 dollar miqdorida tashqi qarz majburiyati turibdi, degan fikrlar ham bildirildi. Bu borada sizning fikringiz qanday?

Jamiyatda har bir fuqaro o‘z fikrini erkin ifoda etishi mumkin. Bu fikr to‘g‘ri bo‘lishi mumkin yoki aksincha. Ammo har bir fikr yoki g‘oyani o‘zimiz uchun tahlil qilib olishimiz kerak. Bunda menimcha, Markaziy bank tomonidan e'lon qilingan hisobotdagi 33 mlrd dollarga yaqin mablag‘ aholi soniga bo‘lib yuborilib, har bir fuqaro shuncha miqdorda mablag‘ to‘lashi kerak, degan bir tushuncha shakllangan. Oddiy hisob-kitob orqali ham bu raqamlar xato ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Birinchidan, bundan 12 mlrd dollardan oshiq xususiy sektorning qarzini chiqarib tashlashimiz kerak. Chunki bu mablag‘larni kim jalb qilgan bo‘lsa, o‘sha tashkilot to‘laydi. Masalan, Uzbekistan Airways tomonidan 3ta samolyot sotib olish uchun olingan 309 mln dollar qarzni tashkilotning o‘zi to‘laydi. Bunda aholiga daxldor qismi, ya'ni aholidan olinadigan soliqlardan to‘lanadigan tashqi qarz miqdori 6,3 mlrd dollarni tashkil etadi. Aholini xavotirlantiradigan asl miqdor shu, qolgan qismi investitsiya loyihalardan keladigan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Har qanday gapga ham ergashib ketmay, ochiq ma'lumotlar orqali buni ozgina tahlil qilib ko‘rish foydadan xoli bo‘lmaydi.

Kelgusida qaysi omillar tashqi qarz hajmi kamayishi yoki barqaror darajada saqlanib qolishiga zamin yaratishi mumkin?

Tashqi qarzni avvalo, investitsiya sifatida qabul qilishimiz kerak. Masalan, oddiy talaba universitetda o‘qishi davomida ma'lum bir miqdorda to‘lov to‘laydi. Keyinchalik o‘rgangan hunari yoki bilimi yordamida sarf qilgan mablag‘idan daromad topa boshlaydi. Ayni paytda infrastrukturani yaxshilash uchun sarf qilinayotgan mablag‘lar ma'lum vaqtdan keyin ishlab chiqarish o‘sishiga va eksport oshishiga xizmat qila boshlaydi. Dengizga chiqish imkoniyatining keskin cheklangani sabab quruqlik transportini rivojlantirishga majburmiz. Busiz kelajakdagi iqtisodiy taraqqiyotni tasavvur qilish juda qiyin.

Doston Ahrorov suhbatlashdi,
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Top