14:53 / 27.05.2021
4747
Yaponiyalik shifokorlar koronavirusning «olimpiya» shtammi paydo bo‘lishi haqida ogohlantirishdi

Yaponiyadagi so‘rovlar natijalariga ko‘ra, yaponlarning ko‘pchiligi mamlakatda Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishiga qarshi chiqmoqda.

Foto: Tomohiro Ohsumi/Getty Images

Dunyoning turli mamlakatlaridan Tokio Olimpiadasiga kelgan odamlarning ommaviy to‘planishi epidemiologik vaziyatni murakkablashtirishi va hatto koronavirusning yangi «olimpiya» shtammi paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin, dedi Yaponiya shifokorlar ittifoqi rahbari Naoto Ueyama.

«Koronavirusning turli joylarda mavjud bo‘lgan barcha turdagi shtammlari shu yerda – Tokioda jamlanadi. Olimpiadadan so‘ng yangi shtamm paydo bo‘lishi ehtimolini rad qila olmaymiz», – dedi u.

Uning eslatishicha, Tokiodagi Olimpiada o‘yinlariga 200ga yaqin mamlakat va turli tashkilotlardan vakillar keladi.

Yaponiyadagi so‘rovlar natijalariga ko‘ra, yaponlarning ko‘pchiligi mamlakatda Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishiga qarshi chiqmoqda.

Avvalroq Yaponiya shifokorlar kasaba uyushmasi hukumatni Tokiodagi Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlarini bekor qilishga chaqirgandi.

Worldometers sayti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon Yaponiyada 725,5 mingdan ortiq kishi koronavirus yuqtirgan, 12,4 mingdan ortiq bemor vafot etgan.

Top