14:07 / 27.05.2021
9729

Yilning birinchi choragida O‘zbekiston meva-sabzavot eksporti hajmi 9,6 foizga kam bo‘ldi

Bu yil meva-sabzavot eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,6 foizga kamaygan. O‘tgan yildan beri meva-sabzavot eksporti pasayib kelmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-aprel oylarida qiymati 186 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 327,9 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilingan.

2020 yilning yanvar-aprel oylarida esa oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismi bo‘lgan 185,4 mln dollar qiymatli 362,6 ming tonnadan ziyod meva-sabzavot eksport qilingan.

Bu 2021 yilning 4 oyida eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga kam bo‘lganini ko‘rsatadi.

Eksport hajmi qisqarganiga qaramay, 2021 yilda meva-sabzavot eksportidan kelgan mablag‘ 2020 yilga qaraganda 0,6 million dollarga ko‘payganini kuzatish mumkin.

Statqo‘mga ko‘ra, 2020 yilda 2019 yilning mos davriga nisbatan (yanvar-aprel) meva va sabzavotlar eksporti 42,4 foizga kamaygandi.

2021 yilning 4 oyida ushbu mahsulotlar eng ko‘p eksport qilingan:

  • meva va rezavorlar – 34,3 ming tonna,
  • quritilgan meva va rezavorlar – 23,1 ming tonna,
  • sabzavotlar – 263 ming tonna,
  • qalampir – 5,4 ming tonna,
  • uzum – 2 ming tonna,
  • mayiz – 14,5 ming tonna,
  • yeryong‘oq – 8,4 ming tonna,
  • tarvuz-qovun – 309,8 tonna.

O‘zbekiston 2021 yilning yanvar-aprel oylarida meva va sabzavotlarni eng ko‘p eksport qilgan TOP-10 davlatlar ro‘yxatida Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda:

  • Qozog‘iston – 41,4 mln.
  • Rossiya – 37 mln.
  • Xitoy – 24,3 mln.
  • Pokiston – 20 mln.
  • Qirg‘iziston – 15,7 mln.
  • Afg‘oniston – 10,7 mln.
  • Ukraina – 4,3 mln.
  • Turkiya – 4 mln.
  • Ozarboyjon – 3,6 mln.
  • Turkmaniston – 3,3 mln.

Shuningdek, O‘zbekiston Belarus (2,6 mln), Germaniya ( 2,4 mln), AQSh (2,3 mln), BAA ( 2,0 mln), Tojikiston (2,0 mln), Iroq (1,5 mln) va boshqa davlatlarga (8,7 mln AQSh dollari) meva va sabzavot eksport qilgan.

Top