13:47 / 28.05.2021
19996
Dam olish kunlari juda issiq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda

Bugun O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan juda issiq havo kirib kelishi boshlanadi. Havo harorati 34-37 daraja issiq atrofida bo‘ladi. 

Foto: KUN.UZ

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, dam olish kunlari issiq havo kirib kelishi kuchayadi, juda issiq ob-havo O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Havo harorati 36-39 daraja issiqqacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida 40-42 daraja issiqqacha ko‘tariladi. Respublika bo‘yicha asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat tog‘li hududlarda kunning ikkinchi yarmida konvektiv bulutlilik rivojlanishi bilan ba'zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil may oyining oxirida shunga o‘xshash vaziyat kuzatilgan. Ushbu davrda respublikaning shimolida va cho‘l hududlarida havo harorati may oyining oxiri uchun me'yoriy qiymatlardan 9-12 daraja issiqqa ko‘p bo‘ldi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida eng issiq kunlarda (26-28 may) havo 41-43 daraja issiqqacha, Navoiy viloyatining cho‘l hududlarida ba'zi joylarda 40-45 darajagacha ko‘tarildi. 26-27 mayda Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida va Navoiy viloyati cho‘l hududi bo‘yicha ba'zi joylarda meteokuzatuvlarning barcha qatorlari uchun may oyi harorati yangi rekordlari o‘rnatildi.

Respublikaning qolgan hududlarida uncha issiq bo‘lmadi. Ushbu kunlarda havo harorati shu yilda kutilayotgan 36-39 daraja issiqqa yaqin bo‘ldi.

Top