08:11 / 28.05.2021
9062

O‘zbekiston tashqi qarzining taqsimoti va valuta tarkibi ochiqlandi

Davlat tashqi qarzi budjetni qo‘llab-quvvatlash, elektr energetika, transport, uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan bo‘lib, valuta tarkibining 70,4 foizi AQSh dollarida jalb qilingan.

2021 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, davlat tashqi qarzi 21 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 36,3 foiz) tashkil etdi. Moliya vazirligi mazkur mablag‘larning tarmoqlar kesimidagi taqsimoti haqida ma'lumot berdi.

Davlat tashqi qarzining tarmoqlar kesimida taqsimlanishi

Vazirlik hisobotiga ko‘ra, ichki imkoniyatlar cheklangan holatda, davlat tashqi qarzi asosan infratuzilma, sanoat va qishloq xo‘jaligi loyihalariga yo‘naltirilmoqda.

Xususan, 2021 yilning dastlabki 3 oyida jami davlat tashqi qarzining 20,8 foizi yoki 4,4 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga sarflangan.

Shuningdek:

  • 3 mlrd dollar (14,5 foiz) elektr energetika sohasiga,
  • 2,6 mlrd dollar (12,6 foiz) energetika sohasiga,
  • 2,4 mlrd dollar (11,3 foiz) transport va transport infratuzilmasiga,
  • 2 mlrd dollar (9,4 foiz) uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.

«Davlat tashqi qarzining katta qismi uzoq muddatga, imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan. O‘zbekiston xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan qarz mablag‘larini jalb qilishda konservativ yondashuvga hamda xatarlarni boshqarish tamoyillariga amal qiladi», deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi

O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 10,1 mlrd dollarni tashkil etadi. Xususan, 2021 yilning yanvar-mart oylarida Koreya Eksimbanki bilan 164 mln dollarga teng 40 yil muddatga (10 yillik imtiyozli davri bilan) 0,15 foizli 2ta qarz bitimi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan 135,5 mln dollarga teng 15 yil muddatga (4 yil imtiyozli davri bilan) 0,01 foizli bitta qarz bitim imzolandi.

Davlat tashqi qarzining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5 mlrd dollar), Jahon banki (3,8 mlrd dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd dollar) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, mazkur qarz manbalari diversifikatsiyasi ta'minlangan bo‘lib, uning 43,8 foizi xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

«O‘zbekistonning asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, asosan turli investitsion dasturlarning davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag‘lari jalb etilgan.

Kreditorlar oldidagi qarzdorlik bo‘yicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablag‘lar hisobidan so‘ndiriladi», deya qayd etiladi hisobotda.

Davlat tashqi qarzining valuta tarkibi

Respublika davlat tashqi qarzi portfeli valuta tarkibining:

  • 70,4 foizi AQSh dollari,
  • 11 foizi Yaponiya iyenasi,
  • 9,5 foizi SDR (maxsus qarz olish huquqlari),
  • 5,0 foizi yevro,
  • 4,1 foizi boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Vazirlikka ko‘ra, jami 21 mlrd dollar davlat tashqi qarzining 14,9 mlrd dollari respublika nomidan, 6,1 mlrd dollari davlat kafolati ostida jalb qilingan.

Avvalroq, yanvar–mart oylarida O‘zbekiston davlat qarzi 133,7 mln dollarga kamaygani xabar qilingandi. Bunda xususan, davlat tashqi qarzi yil boshiga nisbatan 73,6 mln dollarga kamaygani bildirilgan.

Top