18:54 / 28.05.2021
4543
Termizda chiqindi suvlar Amudaryoga oqizilayotgani aniqlandi

Surxondaryo viloyati «Suvoqova» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli «Chiqindi suvlarni tozalash inshooti» talab darajasida ishlamayapti. Oqibatda, tozalanmagani chiqindi suvlar tez-tez Amudaryoning Afg‘oniston bilan chegara sohilidagi qamishzorga oqizib yuborilyapti. Mazkur holat Senat tomonidan nazoratga olindi.

Ma'lum qilinishicha, Oliy Majlis Senatining 14-yalpi majlisida senator A. Soatov Surxondaryo viloyati «Suvoqova» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli «Chiqindi suvlarni tozalash inshooti» talab darajasida ishlamayotganini ma'lum qilgan. Shu sababli chiqindi suvlarning bir qismi Amudaryoning Afg‘oniston bilan chegara sohilidagi qamishzorga oqizib yuborilyapti. Oqibatda, qamishzorda turli xil zararli pashsha va chivinlar ko‘payib, Termiz shahar aholisi «Pashshaxo‘rda» yarasidan muntazam aziyat chekmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, senator A. Soatov bilan birgalikda Surxondaryo viloyati «Suvoqova» DUKning Termiz shahar filialiga tegishli chiqindi suvlarni tozalash inshootining texnik va ekologik holati o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, Termiz shahar oqova suv tozalash inshootining samaradorligi 50-55 foizni tashkil etgan. Sinov laboratoriyalarining so‘nggi kimyoviy tahlillariga ko‘ra, oqova suvdagi muallaq moddalar belgilangan me'yordan 1,5 barobar, azotli nitrit esa qariyb 2 barobar ortiq me'yorda oqizilayotganligi ma'lum bo‘lgan.

Bundan tashqari, chiqindi suvlarni tozalash inshootining havo tozalash jixozlarini ta'mirdan chiqarish, avtomatika qismlarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish va uzatish nasoslarini qayta ta'mirdan chiqarish kabi bir qator muammolar ham mavjud. Shuningdek, inshootning havo haydash uskunasiga o‘rnatilgan 3 ta dvigatel ishdan chiqqani tufayli uskuna sutkasiga o‘rtacha 5-8 soat ishlatilayotgani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va mukammal ta'mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlari va mutaxassislar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar inshootni bosqichma-bosqich ta'mirlash va yangi jihozlar bilan ta'minlash rejalashtirilgan. Ushbu dasturning bajarilishi Senat tomonidan nazoratga olingan.

Top