10:15 / 29.05.2021
4802

Qamashida MIB xodimiga qarshilik qilgan shaxs qamoqqa olindi

Majburiy ijro byurosi Qamashi tuman bo‘limi xodimlari ish faoliyatini bajarayotganida qarzdor fuqarolar keskin qarshilik ko‘rsatgan. Bu haqida Kun.uz'ga byuro axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Qamashi tuman ma'muriy sudining 21.10.2019 yildagi qaroriga asosan qarzdor A.A.(ism-familiyasi o‘zgartirilgan) davlat foydasiga 669 ming so‘m ma'muriy jarima undirish belgilangan. Qarzdor ushbu ma'muriy jarimani oradan 2,5 yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, to‘lamasdan kelgan. Shu sababli, davlat ijrochilari joriy yilning 24 may kuni Tegirmonqul qishlog‘ida joylashgan qarzdorning yashash manziliga borib, qarzdorlik evaziga bir dona «Roison» rusumli televizorni xatlab olib ketishgan.

So‘ngra ushbu qishloq hududida boshqa ijro harakatlarini amalga oshirayotgan vaqtda, ularning ortidan qarzdorning ukasi, onasi va yangasi borishib, ularni haqorat qilib, xatlab olingan televizorni qaytarib berishini aytib, janjal ko‘tarishgan.

Shuningdek, byuro xodimlari qaytib kelayotganda qarzdor va otasi yo‘lning qatnov qismida yog‘och narvon bilan yo‘lni to‘sib ularning boshqaruvida bo‘lgan «Neksiya-3» avtomashinasini to‘xtatib olib, davlat ijrochilariga yengil tan jarohati yetkazishgan.

Axborot xizmatining yozishicha, qarzdorning ukasi o‘zi bilan birga olib kelgan temir (lom) jismni ko‘rsatib, ushbu jism bilan ularga tan jarohati yetkazishini aytib, xatlab olingan televizorni qaytarib olishgan.

Mazkur holat yuzasidan Qamashi tuman prokuraturasi tomonidan 26.05.2021 yilda qarzdor A.A. va boshqalarga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda A.A. JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Avvalroq, MIB Shahrisabz tuman byurosi soliq qarzdorligini mulk xatlovi va auksiondagi sotuv bilan qoplagandi.

Dehqonobodda aliment to‘lovini avvalroq to‘lamagan fuqaro qamalgandi.

Kosonlik ota farzandlari uchun 62,5 million so‘mga yaqin mablag‘ni to‘lab bergandi.

Top