13:19 / 29.05.2021
1989
Senat XMTning Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi

Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risida”gi 187-konvensiyasini ratifikatsiya qilish haqidagi qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. Konvensiya 2006 yilda Jyenevada qabul qilingan.

Konvensiya ishlab chiqarishda jarohat olish, kasb kasalliklariga chalinish va inson o‘limining oldini olish uchun mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirib borish maqsadida qabul qilingan. Bugungi kungacha ushbu konvensiya 49 davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Konvensiyaga muvofiq milliy qonunchilikda ish beruvchilar va ishchilarning eng nufuzli tashkilotlari bilan kelishgan holda milliy siyosat, milliy tizim va milliy dasturni ishlab chiqish orqali kasb kasalligiga chalinish, ishlab chiqarishda jarohat olish va inson o‘limining oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy takomillashtirishga ko‘maklashish nazarda tutilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti 1919 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1946 yildan boshlab 185 ta davlat a'zo bo‘lgan BMTning ixtisoslashtirilgan muassasasi hisoblanadi. Tashkilot ijtimoiy va mehnat masalalari bo‘yicha xalqaro huquq hujjatlarini ishlab chiqadi va ularni qo‘llash amaliyotini qabul qiladi. O‘zbekiston 1992 yildan Xalqaro mehnat tashkilotining to‘la huquqli a'zosi sanaladi.

Top