17:52 / 29.05.2021
6845
Senatda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyati tanqid qilindi

Senatning 15-yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatdagi avtomobil yo‘llari va sun'iy inshootlarning holati hamda transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta'minlashga doir qonunchilik hujjatlarining ijro etilishi bo‘yicha o‘rganishi e'lon qilindi va Vazirlar Mahkamasiga Parlament so‘rovi yuborishga qaror qilindi.

Qo‘mita o‘tkazgan tahlillar sohada qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatgan.

2021 yil 1 yanvar holatiga respublikadagi jami 184,8 ming km avtomobil yo‘llari (jumladan, 42,9 ming km umumiy foydalanishdagi, 132 ming km ichki xo‘jaliklararo, 24,8 ming km idoraviy avtomobil yo‘llari va 9,9 ming km shahar ko‘chalari)ning 77,9 ming km  qismi yoki 42,2 foizi ta'mirtalab holatda.

Ayrim avtomobil yo‘llarini qayta qurish va ta'mirlash ishlari yildan yilga o‘tib, cho‘zilib ketmoqda va yakuniga yetkazilmagan.

Hisobotda ta'kidlanishicha, belgilangan me'yorlarga zid ravishda yo‘l qoplamasiga mayda donali zich asfalt-beton qoplamasini yotqizmasdan, yirik donali g‘ovak asfalt-betonli quyi qatlam bilan qoldirilmoqda. Bu yo‘llarda transport vositalarining muntazam harakatlanishi oqibatida yo‘l qoplamalari juda tez buzilishiga olib keladi.

Shuningdek yog‘ingarchilik va ob-havo bilan bog‘liq boshqa omillar ham sifatsiz yo‘llarning qisqa muddatlarda yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, ajratilgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishini keltirib chiqarayotgan sabablar fuqarolarning avtomobil yo‘llarining bugungi holatidan noroziligini ham kuchaytirayotgani ta'kidlangan.

«Eng achinarlisi, avtomobil yo‘llarining ta'mirlash ishlari olib borilayotgan yoki oxiriga yetkazilmasdan qolib ketgan hamda ta'mirlanishi lozim bo‘lgan joylarida fuqarolar jarohati va o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.

Xususan, 2019-2020 yillar davomida yuz bergan 556 ta ana shunday yo‘l-transport hodisasi oqibatida 240 kishi vafot etgan, 481 kishi jarohat olgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi farmoni bilan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini, mintaqaviy avtomobil yo‘llarini, ko‘priklarni, yo‘l o‘tkazgichlarni va boshqa sun'iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash, shuningdek, ularni loyihalashtirish bo‘yicha ishlar faqatgina Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalar tomonidan bajarilishi bilan bog‘liq tartib bekor qilingan.

Biroq bugungi kunda ham ushbu ishlarning aksariyati Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalar tomonidan bajarilmoqda.

Avtomobil yo‘li qurilishi sohasiga oid barcha funksiyalarning bitta tashkilotda jamlanishi esa avtomobil yo‘llarining sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», deyiladi Qo‘mita hisobotida.

Ma'lumotda keltirilishicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxona va tashkilotlar balansidagi 161 ta asfalt-beton ishlab chiqarish sexining 107 tasi o‘tgan asrning 90-yillarigacha ishga tushirilgan va bugungi kunda ularning 55 tasi nosoz holatda, 9 tasi esa mutlaqo yaroqsiz. 

«Mavjud asfalt-beton ishlab chiqarish sexlarining bugungi kundagi quvvati bor-yo‘g‘i 66 foizni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, qayd etilgan sexlarning faqatgina 25 tasida sinov laboratoriyalari mavjud, bor-yo‘g‘i bittasi Davlat rahbari tomonidan qabul qilingan qaror talablari asosida akkreditatsiya qilingan, xolos.

Asfalt-beton mahsulotlarining va pirovardida yo‘l-qurilish ishlarining sifatsizligi mazkur omillarga ham bevosita bog‘liq.

Ryespublika avtomobil yo‘llarida o‘tkazilgan xatlov natijalariga ko‘ra, bugungi kunda 15 mingga yaqin ko‘prik mavjud bo‘lib, shundan 40 foiz ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarning ekspluatatsion holati yaroqsiz, qoniqarsiz va ta'mirtalab holatga kelib qolgan.

Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida joylashgan va egasi aniqlanmagan ko‘priklarni saqlovchilarga topshirish ishlari amalga oshirilishi o‘rganilganida 3477 dona ko‘prik o‘z egalariga berilmagani aniqlandi», deyiladi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan hisobotda.

O‘z holiga tashlab qo‘yilgan va yaroqsiz holga kelgan ko‘priklar esa fuqarolarning xavfsiz harakatlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda, ularning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Top