11:39 / 30.05.2021
6898
Erdo‘g‘an Istanbul kanali qurilishi qachon boshlanishini ma'lum qildi

Turkiya tarixidagi eng yirik infratuzilmaviy loyihani amalga oshirish – Istanbul kanalini qurish iyun oxirida boshlanadi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma'lum qildi, deb xabar berdi Anadolu axborot agentligi.

Foto: Mixail Klimentev/TASS

«Iyun oxirida Istanbul kanali qurilishiga tamal toshi qo‘yamiz. Shubhasiz, bu megaloyihadan xavotirlanayotganlar ham topiladi. Biroq bu bizni to‘xtata olmaydi», deb aytgan Erdo‘g‘an. 

Uning aytishicha, ushbu loyihani amalga oshirish Istanbulning strategik ahamiyatini yanada oshiradi, chunki kanal orqali 6ta ko‘prik o‘tkaziladi, uning ikki tomonida yangi shaharlar paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Turkiya yangi kanal yordamida o‘z eksporti hajmini 500 mlrd dollargacha yetkazmoqchi.

Istanbul kanali qurilishi Erdo‘g‘an tomonidan 2011 yildayoq e'lon qilingandi. Kanal megapolisning g‘arbiy qismida quriladi va Qora hamda Marmar dengizlarini bog‘laydi. Kanal uzunligi 45 kmni tashkil qiladi. Loyihaning taxminiy qiymati 15–25 mlrd dollarni tashkil qilishi mumkin. 

Turkiya rahbariyatining ta'kidlashicha, kanal qurishdan asosiy maqsad Bosfor bo‘g‘ozi bo‘yida joylashgan tarixiy merosni saqlab qolish hisoblanadi. «Bosfor orqali tashuvlar hajmi kamaytirilishi hisobiga u orqali tashiluvchi xavfli yuklar soladigan xatarlar ham minimallashtiriladi», deb aytgan Turkiya transport va infratuzilma vaziri Odil Qoraismoilo‘g‘li. U, shuningdek, Bosforga qo‘shimcha kanal qurilishi mart oxirida Suvaysh kanalida «Ever Given» kemasi sayozlikka o‘tirib qolishi kabi hodisalardan qochish imkonini berishini aytgan.

Shu bilan birga, kanal qurilishiga qarshi chiqayotganlar ham ko‘pchilikni tashkil qilmoqda. Jumladan, yuzdan ko‘proq iste'fodagi turk admirali kanal qurilishiga qarshi chiqqan. Ularning fikricha, kanal qurilishi mamlakat strategik xavfsizligiga raxna soladi, chunki Bosfor va Dardanell bo‘g‘ozlari maqomi haqidagi Montryo konvensiyasi ta'siri ostiga tushmaydi. 

Shuningdek, loyiha amalga oshirilishiga ekologlar ham qarshi chiqmoqda. Ularning ta'kidlashicha, kanal ishga tushirilishi natijasida Istanbulning suv ta'minotiga putur yetishi mumkin. Bundan tashqari, Qora dengiz suv sathi Marmar dengizinikiga nisbatan o‘rtacha 50 sm yuqori bo‘lgani sababli kanal qurilsa, undagi suv Marmar tomon oqib ketadi va u jadal sur'atlar bilan sayozlasha boshlaydi. Hozirda ikki dengiz o‘rtasidagi muvozanat Bosforda mavjud bo‘lgan qarama-qarshi oqimlar hisobiga ta'minlanadi. Marmar dengizi esa Qora dengizdan ifloslangan suv va ko‘p miqdorda turli suv jonzotlari kelishi oqibatida «bo‘g‘ila boshlaydi». Buning natijasida Istanbulda qo‘lansa hid paydo bo‘ladi.

Top