19:25 / 30.05.2021
6161
Hindistonda «sariq mog‘or»ga chalingan ilk bemor vafot etdi

Hindistonda «sariq mog‘or» kasalligi aniqlangan ilk bemor – 59 yoshli Kunvar Singx shifoxonada vafot etdi. Avvalroq koronavirusdan davolanayotgan bemorda birvarakayiga uch turdagi zamburug‘li kasallik – «qora», «oq» va «sariq mog‘or» aniqlangandi.

Foto: Adnan Abidi/Reuters

Singxni davolagan shifokorning ta'kidlashicha, uning o‘limiga qonining toksinlar bilan zaharlangani sabab bo‘lgan. Bemor unda «sariq mog‘or» aniqlangandan 4 kun o‘tib hayotdan ko‘z yumgan. Bungacha u koronavirusdan 2 oy davomida davolangan.

Ma'lum qilinishicha, Singx yotgan shifoxonada hozirda «sariq mog‘or»ga chalingan yana bir bemor davolanmoqda. Ushbu bemorning kasallik oqibatida zararlangan yuz jag‘ining yarmi olib tashlangan.

 Singxda «sariq mog‘or» 24 may kuni qayd qilingan. Shifokorlarning ta'kidlashicha, ushbu kasallik odatda sudralib yuruvchi jonzotlarda uchraydi va bungacha biror marta odamlarda qayd qilinmagan.

May boshida Hindistonda koronavirusdan sog‘ayganlarda «qora mog‘or» deb ataluvchi mukormikoz kasalligi avj olayotgani ma'lum qilingandi. Mamlakatning ikki shtati ushbu kasallik epidemiyasini e'lon qilgan. Keyinroq «qora mog‘or» tarqalishi ortida «oq mog‘or» infeksiyasi ham paydo bo‘lgandi.

Top