20:05 / 30.05.2021
6013
O‘zbekistonda internet tezligini ko‘rsatishda «-gacha» qo‘shimchasidan foydalanish taqiqlanmoqda

Joriy yilning 1 iyun kunidan boshlab operator va provayderlar internet tezligini ko‘rsatishda «-gacha» qo‘shimchasi o‘rniga aniq raqamlarni ko‘rsatishi shart bo‘ladi.

Foto: AKKet.com

«O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi, 2021 yil 1 iyundan boshlab tarif rejalari va xizmatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarda internet tezligi uchun belgilangan «-gacha» («do...») qo‘shimchalari o‘rniga aniq va tushunarli ma'lumot berish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sifatida internet va telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi operator va provayderlar sifatli va shartnomalarda belgilangan tezlikda o‘z ishlarini amalga oshirishi nazarda tutilgan.

«Ookla» kompaniyasining Speedtest.net servisi 2021 yil aprel oyi natijalariga oid yangi ma'lumotlariga ko‘ra, bir yil ichida O‘zbekistonda simli internet tezligi bo‘yicha 1,5 barobar (51,8 foizga) o‘sish kuzatilgani qayd etilgan, ya'ni 25,82 Mbit/s.dan (2020 yil aprel holatiga ko‘ra) 39,2 Mbit/s.gacha (2021 yil aprel holatiga ko‘ra). 

Shuningdek, joriy yil aprel oyi natijalariga ko‘ra, mobil internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston yana to‘rtta pog‘onaga ko‘tarilgan. So‘nggi yillarda mamlakatda mobil internet tezligi 9,68 Mbit/s.dan (2020 yil aprel holatiga ko‘ra) 17,28 Mbit/s.gacha o‘sdi (2021 yil aprel holatiga ko‘ra).

Avvalroq, AKT yo‘nalishi bo‘yicha bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarov sehrgar emasligini va internet tezligini birdaniga oshirish imkonsizligini ta'kidlab o‘tgandi.

Top