13:20 / 30.05.2021
19757
«Voyaga yetmagan shaxslarni so‘roq qilishning alohida tartibi bor, shularga rioya etish kerak» - huquqshunos
Foto: Videodan kadr

«Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida Paxtachi tumanidagi masjidda voyaga yetmagan bolani so‘roq qilgan IIB xodimlarining harakatlari yuzasidan fikr bildirdi. II darajali adliya maslahatchisi Paxtachida xodimlar qonunlarda belgilangan majburiyatlarini bajarishmaganini ta'kidladi.

«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, ichki ishlar idoralari xodimlarining har qanday shaxs bilan savol-javob qilishga haqqi bor. So‘roq qilishning ham tartibi bor. Eng avvalo, xodim o‘zini tanishtirishi kerak. So‘ngra so‘roq qilishdan maqsadini tushuntirishi kerak. Voyaga yetmagan shaxslarni so‘roq qilishning alohida tartibi bor, shularga rioya etish kerak.

Ichki ishlar organlari xodimlari profilaktika maqsadida har qanday shaxsning hujjatini so‘rashga yoki savol-javob qilishga haqli. Lekin u dastavval fuqaroga o‘zini tanishtirishi, huquqlari va majburiyatlarini eslatishi, so‘roq qilishdan maqsadini aytishi kerak. Fuqaro talab qilganda xizmat guvohnomasi ko‘rsatilishi kerak», deydi Furqat Tojiyev.

Furqat Tojiyev

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi masjidlardan birida huquq-tartibot organlari xodimlari voyaga yetmagan bolani so‘roq qilayotgani aks etgan video tarqalgandi. Videoda xodimlar voyaga yetmagan boladan kim bilan va qachon kelganini so‘rab, uning qo‘lidagi sumkani ochib tekshiradi. IIB xodimi boladan masjidda qanday dars o‘tkazilayotgani bo‘yicha ma'lumot olish uchun, savollar beradi. Videotasvirda tasvirga olayotgan shaxs va xodimlar tortishib qolgani ham aks etgan.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, holat 2021 yil 25 may kuni Paxtachi tumanida sodir bo‘lganini ma'lum qildi. Bayonotda soat 20:30lar atrofida Paxtachi tumanidagi Xo‘ja-Ziyovuddin jome masjidi ko‘zdan kechirilganida X.A. ismli shaxs 11 kishiga diniy tashkilot boshqaruvi markaziy organining ruxsatisiz, diniy ta'limotdan saboq berayotgani aniqlangani keltiriladi. Bayonotda X.A. maxsus diniy ma'lumotga ega bo‘lmagani, undan saboq olayotganlarning 5 nafari voyaga yetmagan shaxs bo‘lgani alohida ta'kidlanadi.

«Holat yuzasidan X.A.ga nisbatan MJtK ning 241-moddasi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, kelgusida diniy ta'limotlardan saboq berish niyati bo‘lsa, maxsus diniy bilimlarni egallab, qonunlarga asosan, vakolatli diniy organlarning ruxsati asosida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi tushuntirilgan.

Ichki ishlar organlari hech kimning diniy bilim olishini cheklamaydi. Yurtimizda diniy bilim olish uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Faqatgina qonunchilikka asosan, belgilangan me'yorlarga amal qilish so‘raladi.

Shu o‘rinda, farzandlariga diniy bilimlarni o‘rgatmoqchi bo‘lgan ota-onalarga murojaat qilib, diniy ta'limotni maxsus diniy muassasalarda, malakali mutaxassislardan olishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi munosabatda.

Biroq viloyat IIBning rasmiy munosabatida voyaga yetmagan bola nima uchun ota-onasi yoki vasiylari ishtirokisiz so‘roqqa tutilgani, xolislar ishtirokisiz uning shaxsiy buyumlari tintuv qilingani xususida izoh berilmagan.

Top