21:36 / 31.05.2021
5515

Intizomiy jazo olgan sudyalarning shaxsi oshkor etilmasligiga izoh berildi

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursunali Akbarov 31 may kungi matbuot anjumanida, intizomiy jazo olgan va lavozimidan ozod etilgan sudyalar shaxsi nega ochiqlanmasligi haqidagi savolga javob berdi.

«Bir narsani ochiq aytish kerak: Sudyalar oliy kengashidan boshqa birorta organ oyma-oy necha nafar xodimi vazifasidan ozod etilgani yoki qanchasi intizomiy javobgarlikka tortilgani haqida ma'lumot bermasa kerak.

Gap sudyalarning shaxsini oshkor qilishda emas, ularga nisbatan o‘z vaqtida ko‘rilayotgan chorada.

Qolaversa, bitta sudya bir oyda bir necha o‘nlab ish ko‘radi, aholi zich joyda ishlayotgan fuqarolik sudyalari (bir oyda) 100 va undan ortiq ish ko‘radi. Shunday sharoitda uning bitta, ikkita yo uchta ishda protsessual xatoga yo‘l qo‘yishi ehtimoli bor. Agar ularning shaxsini oshkor qiladigan bo‘lsak, bu holat ular ko‘rgan boshqa ishlar bo‘yicha chiqarilgan qarorlar ustidan norozi tomonlar qo‘lida bayroq bo‘ladi va ushbu qarorlar ustidan ham tinimsiz yoziladi. Bu o‘z-o‘zidan sudyaga nisbatan bosim paydo qiladi.

Ikkinchidan, Kengash sudyalarga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llashga rozilik beradi, jazo tegishli malaka hay'atlari tomonidan qo‘llaniladi. Biz rozilik berilgani haqida axborot beryapmiz, hali unga jazo qo‘llangani yo‘q. Hali jazo qo‘llanmay turib ularning shaxsini ochiqlash na qonunga va na mantiqqa to‘g‘ri keladi», – deydi Tursunali Akbarov.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid
Top