17:04 / 31.05.2021
8895
«O‘zbekiston iqtisodiyotning hozirgi tarkibi bilan postindustrial bosqichga o‘ta olmaydi» - Zokir Usmonov

I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali ilmiy xodimi, PhD Zokir Usmonov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda O‘zbekiston iqtisodiyotining ayni paytdagi holati haqidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda birinchi o‘rinda nimaga e'tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz?

— Avvalo, O‘zbekiston iqtisodiy siyosatini qayta ko‘rib chiqib, iqtisodiyotning tarkibiy tuzilishini tubdan murakkablashtirish, iloji boricha tezroq iqtisodiyotning murakkablik ko‘rsatkichi (Economic Complexity)ni oshirish kerak.

O‘zbekiston iqtisodiyoti bir guruh xomashyo mahsulotlarini katta hajmda eksport qilishga bog‘liq, bunday iqtisodiyot aholining katta qismini katta hajmdagi daromad bilan qoplab ololmaydi. Murakkablik darajasini oshirmay turib, aholi orasidagi tengsizlikni bartaraf etish juda murakkab.

Mamlakat iqtisodiyotiga ilm-fan va texnologiya yutuqlarining joriy etilganlik darajasi «iqtisodiy murakkablik» (economic complexity) deya nomlanuvchi omil bilan o‘lchanadi. 2019 yilda e'lon qilingan indeksda iqtisodiyotining murakkablik darajasi jihatdan O‘zbekiston 157 davlat ichida 95-o‘rinni egallagan.

Iqtisodiyotning murakkablik indeksiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga ilm-fan qanchalik chuqur tatbiq etilgan bo‘lsa, daromad darajasi ham yuqori, daromadlar taqsimlanishida tengsizlik ham kam bo‘ladi. Qolaversa, sanoat tufayli ekologiya yetadigan zarar miqdori kamayadi.

Masalan, Yaponiyani olaylik, iqtisodiyotida murakkablik darajasi yuqori bo‘lgani uchun, yuqori daromadli mahsulotlarni katta hajmda ishlab chiqaradi, aholining yuqori daromadga ega bo‘lishi ta'minlanadi va mamlakatning postindustrial rivojlanish asosi yaratiladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotning hozirgi tarkibi bilan texnik-texnologik mustaqillikni ta'minlashi, postindustrial iqtisodiyotni shakllantirishi, doimiy ravishda aholi turmush darajasini oshirib borishi deyarli imkonsiz.

Shuningdek, iqtisodiyotimizning qoloqligi mashinasozlik va elektrotexnika kabi tayanch sohalarning rivojlanmagani bilan ham uzviy bog‘liq.

— Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekiston iqtisodiyotida murakkablik darajasini oshirishda qaysi soha tayanch tarmoq hisoblanadi?

— Fikrimcha, mamlakatimiz iqtisodiyotining darajasini murakkablashtirishda asosiy strategik rol mashinasozlik tarmog‘iga tegishli. Mashinasozlik tarmoqlari transport mashinasozligi, og‘ir, o‘rta mashinasozlik, uskunalar ishlab chiqarish, elektrotexnika, stanoksozlik tarmoqlari va hokazolarni o‘z ichiga oladi.

Ko‘rsatib o‘tilgan tarmoqlar nafaqat xomashyo, balki uskunalar va stanoklar mavjudligiga bog‘liq. O‘zbekiston importi tarkibining so‘nggi 20 yildagi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, import tarkibida mashina va uskunalar ulushi barqaror ravishda 40 foiz darajada saqlanib qolmoqda. Shunga qaramay, eksport tarkibida mashina va uskunalar ulushi 2-3 foizdan oshmaydi.

Mamlakatimiz import tarkibi dinamikasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mashinasozlik mahsulotlari importi keskin oshib borish xarakteriga ega bo‘lib, bu ko‘rsatkich yildan yilga oshib boradi, bunday holat esa iqtisodiyotning texnik va texnologik qayta jihozlanishiga olib kelmaydi.

So‘nggi 2020 yilda import tarkibida mashinasozlik mahsulotlari hajmi 2017 yilga nisbatan 2,5 baravarga oshgan va deyarli 9 mlrd dollarni tashkil etgan. Agarda mamlakatimizda yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qurilish va qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati, transport mashinasozligi, elektrotexnika sanoatlari intensiv rivojlanayotganini hisobga olsak, import qilinayotgan aksar mashinasozlik mahsulotlari mana shu tarmoqlarga tegishli ekanini xulosa qilish qiyin emas va ushbu uskunalar narxining qimmatligi yuqorida keltirilgan tarmoqlar mahsulotining tannarxi yuqoriligiga, bandlikni ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

— Yuqoridagi omillar ayni paytda qanday salbiy oqibatlarga olib kelmoqda?

— Ma'lumotlarni tahlil qilish natijalariga ko‘ra, bir qancha salbiy xulosalarga kelish mumkin. Birinchi o‘rinda, iqtisodiyotimizning xomashyoga yo‘naltirilgani oshib bormoqda. Bu qaramlik, ayniqsa, og‘ir sanoat mahsulotlariga nisbatan ekani juda ayanchli. Iqtisodiyot tarmoqlarini qayta qurollantirish va qayta jihozlash sur'atlari pasaymoqda, bu esa o‘z navbatida mehnat unumdorligiga ta'sir ko‘rsatadi.

Ishlab chiqarishning energoqurollanganlik darajasi oshmayapti. Shuningdek, muhandislik va texnik kadrlar yetarli darajada to‘planishi yuz bermayapti.

Biz yiliga 9 mlrd dollar qiymatida uskuna va jihoz sotib olamiz, to‘g‘rimi? Ushbu qiymat ichida import qilinayotgan mamlakatlarning qancha ichki soliqlari, ishchilarning oylik maoshlari, bojxona to‘lovlari va transport xarajatlari mavjud. Ushbu mahsulotlar ishlab chiqarishini o‘zimizda tashkil qilsak, bu bizga uch baravardan arzonroqqa tushadi.

— Bu muammolarni hal qilishda qanday takliflarni ilgari sura olasiz?

— Birinchidan, iqtisodiy dasturlarni tanqidiy nuqtayi nazardan qayta ko‘rib chiqish, iqtisodiyotning murakkablik darajasini qisqa muddatlarda oshirish bo‘yicha strategiya qabul qilinishi kerak.

Ikkinchidan, elektrotexnika tarmog‘iga alohida urg‘u berish, ushbu tarmoq yuqori darajadagi multiplikativ ahamiyatga ega mamlakat iqtisodiy rivojlanishining lokomotiviga aylanishi darkor.

Uchinchidan, to‘laqonli metallurgiya sanoatini rivojlantirish, asosiy metallar va qotishmalarga bo‘lgan talabni qondirish kerak.

To‘rtinchidan, mashinasozlik tarmoqlarini ustuvorlik va tizimli ravishda rivojlantirish respublikada jadal rivojlanayotgan tarmoqlarni qayta qurollantirish va jihozlash sur'atlarini oshiradi.

Beshinchidan, iqtisodiyotning murakkablashuvi ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotning tannarxini pasaytirish va uning dunyo va mintaqaviy bozorlarda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Top