09:43 / 31.05.2021
17901
Urgutdagi g‘aroyib maktab: u yerdagi 46 o‘qituvchidan 31 nafari boshqa viloyatlardan kelib ishlamoqda

Ta'lim mamlakat uchun eng muhim sohalardan biri. Taraqqiyotni ta'limsiz, ilm-fan rivojisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ustozlik qilish fidoyilik talab qiladi. Bugun ba'zi ota-onalar 2–3 nafar farzandi bilan shug‘ullana olmayotgan vaqtda o‘qituvchilar kun bo‘yi bolalar tarbiyasi, ularga ilm berish bilan band bo‘lishi kichik qahramonlik. Agar o‘qituvchi uyidan uzoqda ishlayotgan bo‘lsa, bu ikki karra qahramonlik, menimcha.

Samarqand viloyati Urgut tumani Soyg‘o‘s qishlog‘ida joylashgan 32-maktabda ana shunday «legioner» o‘qituvchilar anchagina.

Soyg‘o‘s qishlog‘i tog‘lar orasida joylashgan. Qishloq tegrasidagi tog‘larning bir qismi Tojikistonning Panjakentiga, yana bir qismi Qashqadaryoning Kitobiga ulanib ketgan. Qishloq ahli tog‘ qirlaridagi uzumzor bog‘lar va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Bu qishloqda yashovchi har bir odam tadbirkor desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

32-maktab direktori Olim Dilmurodovning aytishicha, maktabda jami 46 nafar o‘qituvchi bor va ulardan 31 nafari boshqa viloyatlardan kelib dars bermoqda. Boshqa viloyatlardan o‘qituvchilarni Soyg‘o‘sga maktab ilmiy bo‘lim mudiri Iskandar Nazarov va direktor Olim Dilmurodov taklif etgan.

Matematika fani o‘qituvchisi Bahodir Egamberdiyev Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan kelib dars beradi: «Maktabga 2009 yil kelganman. O‘quvchilar, qishloq ahli ma'qul bo‘lgani uchun shu yerda dars berib kelyapman», deydi ustoz.

Rus tili o‘qituvchilari Safar Karimov va uning turmush o‘rtog‘i Shamsiya Karimova, o‘zbek tili o‘qituvchisi Marhabo Berdiyeva, fizika fani o‘qituvchisi Ixtiyor Toshev va uning turmush o‘rtog‘i – boshlang‘ich sinflar o‘qituvchisi Xurshida Qodirova Buxoro viloyati Shofirkon tumanidan kelib ishlayapti.

«Soyg‘o‘sdagi maktabga turmush o‘rtog‘im bilan 2012 yilda kelganmiz. O‘shandan beri shu yerda o‘quvchilarga dars beramiz. Maqsadimiz mahalliy yoshlarni o‘zimizga o‘rinbosar qilib tayyorlash. Qachongacha maktabga boshqa viloyatlardan kelib dars berishadi? Biz mahalliy kadrlarni tayyorlab berishimiz kerak. Qishloq yoshlaridan ham munosib kadrlar yetishib chiqishi lozim», deydi Safar Karimov.

O‘zbek tili fani o‘qituvchisi Dilafro‘z Muhamedova Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidan kelgan bo‘lsa, ingliz tili o‘qituvchisi Hayotxon Allamova Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidan kelib o‘quvchilarga ta'lim bermoqda. Shuningdek, o‘tgan yili mazkur maktabga Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan bo‘lgan o‘qituvchi Asatillo Boboyev ham ishga kelgan. Bir so‘z bilan aytganda, bugun Soyg‘o‘sdagi maktabda butun O‘zbekistondan kelib dars berishmoqda.

O‘qituvchilarning aytishicha, qishloq ahli ularning hurmatini joyiga qo‘yadi. Shu sabab ham boshqa viloyatlardan kelib ishlayotgan o‘qituvchilarga bo‘sh turgan xonadonlardan joy qilib berishgan. O‘qituvchilar orasida oilaviy kelib ishlayotganlar ana shu xonadonlarda o‘z uylaridagiday yashab kelishmoqda. Biz bilan suhbatlashgan o‘qituvchilarning aksariyati Soyg‘o‘sdagi maktabga ishga kelishdan avval borib ko‘ray, yoqsa qolib ishlayman, yoqmasa qaytib kelaman, deb bu yerga kelganini, qishloq ahlining o‘qituvchilarga muomalasi va munosabati, yaratilgan sharoitlar yoqib qolgani uchun shu yerda qolib ishlashga qaror qilgani haqida gapirdi.

Ular o‘quv yili davomida choraklar orasidagi ta'tilda va turli bayramlar munosabati bilan beriladigan 2–3 kunlik dam olish kunlarida uylariga borib kelishadi. «Legionerlar» maktabiga safarimiz so‘ngida maktab direktorining ilmiy bo‘lim mudiri Iskandar Nazarov bilan suhbatlashdik. U 32-maktabda ishlayotgan mahalliy o‘qituvchilardan biri. Shuningdek, Iskandar domla bir paytlar shu maktabda direktor lavozimida ham ishlagan va boshqa viloyatlardan kelib ishlayotgan o‘qituvchilarning aksariyatini u olib kelgan.

«1983 yil o‘qishni bitirib kelib qishlog‘imizdagi maktabda o‘qituvchilik qila boshladim. 2–3 yil o‘tib tadbirkorlik qilish uchun ishdan bo‘shadim. Oradan yillar o‘tib, 2011 yilda 32-maktabga direktor etib tayinlashdi. O‘sha paytda bu maktabda oliy ma'lumotli pedagog yo‘q edi. O‘qituvchilarning aksariyati o‘rta maxsus diplomli, ayrimlari maktab attestati bilan dars berardi. Shundan so‘ng men maktabdagi holatni yaxshilash uchun o‘z hamkurslarim yordamida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanidan bir guruh o‘qituvchilarni topib, bu yerga ishga olib keldim. Ularni uyimga joylashtirib, barcha sharoitni yaratib berdim. Shu tariqa o‘shandan buyon boshqa viloyatdan yaxshi o‘qituvchilarni taklif etib kelyapmiz. Maqsadimiz — qishloq bolalaridan ham o‘qimishli yoshlar chiqishi.

Qishlog‘imiz ahli azaldan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yaxshi pul topadi. Shu sabab o‘qishga qiziqish kam, OTMga topshirish haqida ham ko‘pchilik o‘ylamaydi. Ammo so‘nggi yillarda holat o‘zgardi. Odamlarimizning ilmga, o‘qishga qiziqishi ortyapti. Shu sabab bugun maktabimiz bitiruvchilarining 25 nafardan oshig‘i turli OTMlarda tahsil olmoqda», deydi Iskandar domla.

Soyg‘o‘sdan qaytar ekanmiz, bu qishloqda yosh avlod ishonchli qo‘llarda ekaniga amin bo‘ldik. Tadbirkor elning bolalari ham o‘qishga qiziqishni boshlagan ekan, tez orada ularning o‘zi hamqishloqlarini o‘qita boshlaydi. Ham tadbirkorlik, ham ta'lim rivojlangan joyda esa taraqqiyot tezlashadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Top