16:20 / 31.05.2021
6920
Yilda ikki bora qabul, 24/7 do‘konlar va o‘zbekcha o‘ylab, koreyscha gapirish “zavqi”

UzbekLife chet eldagi vatandoshlar bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Shohruh Salimov Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining “Jahon siyosati” yo‘nalishini tamomlagan.

Hozirda Janubiy Koreyaning Sunmun universitetida “Xalqaro munosabatlar” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oladi.

Bir o‘q bilan ikki quyon

Bakalavr bosqichini Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida o‘qiganman. 4 yil davomida siyosiy nazariya, siyosiy analiz, siyosiy texnologiyalar, xalqaro munosabatlar va diplomatik etiket, protokol, geosiyosat kabi fanlarni o‘qib, o‘rgandim. Ushbu yo‘nalish faqatgina Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida mavjud edi.

Sharqshunoslik universitetida nafaqat kamyob yo‘nalishlar, balki sharq tillaridan birini o‘rganish imkoniyati bo‘lgani sababli, mazkur oliygohni tanlaganman. Aniqrog‘i, “Jahon siyosati” yo‘nalishining ingliz-arab guruhida ta'lim olib, ushbu tillarni  ham o‘zlashtirdim. 4 yillik ta'limga asoslanib shuni aytishim mumkinki, Sharqshunoslik universiteti bazasi anchagina kuchli va tajribali professor-o‘qituvchilarga boy.

O‘zbek tilida o‘ylab, koreys tilida bemalol gapira olasiz

Aslida, Koreya Respublikasida o‘qishni davom ettirishimga bir do‘stim sababchi bo‘lgan. Bu taklif birinchi undan chiqdi va biz xorijdagi universitetlar, ularning madaniyati, xalqaro reytingi, shart-sharoitlari haqida ma'lumot qidira boshladik va yakunda Koreya biz uchun eng maqbul mamlakat, degan qarorga keldik.

Birinchidan, koreys tilini o‘zbeklar boshqa tillarga nisbatan osonroq o‘zlashtira oladilar. Chunki so‘z tuzilishi deyarli bir xil. Ingliz tilidan farqli o‘laroq, siz o‘zbek tilida o‘ylab, koreys tilida bemalol gapira olasiz. Bu esa til kursida o‘qishga kelayotgan o‘zbeklar uchun ayni muddao.

Ikkinchidan, Koreya Respublikasi so‘nggi 10 yilda ulkan rivojlanishga erishdi. Albatta, bu ta'lim sohasiga ham taalluqli. Professorlarning katta qismi AQSh, Avstraliya va Yevropa mamalakatlarida ta'lim olib qaytishgan. Adabiyotlar ham O‘zbekistondagidan farq qiladi. Bu esa sizning tahliliy qobiliyatlaringizni sinab olishingiz uchun yaxshi imkoniyat. Ayniqsa, bizning sohada.

Uchinchidan, IT sohasi ancha rivojlanganligi sababli, talabalarning amaliy mashg‘ulotlari uchun barcha sharoitlar bor. Shuningdek, boshqa yo‘nalish talabalari ham, agarda qiziqishi bo‘lsa, ushbu fanlarni ixtiyoriy ravishda o‘zlashtirishi mumkin.

To‘rtinchidan, to‘lov summasi masalasi. To‘g‘ri, boshida to‘lov miqdori qimmatdek tuyulishi tabiiy. Ammo bahoingizga qarab, 50 foizgacha chegirma (tabiiyki, universitet nizomiga asosan) olishingiz mumkin. Bundan tashqari, universitetning turli loyihalarida qatnashib, yuz foizgacha chegirma olish imkoniyati ham bor.

Bundan tashqari, bu yerda har qanday vaziyatda sizdan yordamini, maslahatini ayamaydigan o‘zbeklar yetarlicha. Oshpaz, yurist, do‘konchi, tarjimon, bank xodimi, doktor, immigratsiya xodimi, xullas, har yerda yurtdoshlarning borligi sizga katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Qabul yilda 2 marta: yoz va qishda bo‘lib o‘tadi

Hozirda magistratura bosqichida o‘qiyotganim sababli, asosan, magistratura haqida gapirsam. Bu yerda fanlar ixtiyoriy, 1 semestr davomida 3 tagacha fan olishingiz mumkin.

1 yilda 2 semestr, semestr 3 yarim oy davom etadi. O‘qish kuz va bahor oylarida bo‘lib o‘tadi, shuning uchun qabul ham yilda 2 marta yoz va qishda bo‘ladi. Xorijliklar uchun asosiy talab bu ‒ til sertifikatlari IELTS yoki TOPIC.

Menga qiziq tuyulgan jihat bu, professor va talabalar uchun ma'lum bir qoidalarning yo‘qligi. Ya'ni professor siz bilan xuddi do‘stdek munosabatda bo‘ladi, sizning fikringizni eshitadi, o‘zaro do‘stona munosabatni yaratishga harakat qiladi. Lekin bu hech qachon bahoga ta'sir qilmaydi. Ta'lim tizimida tartibning borligini eng katta yutuq deb bilaman.

Har biri o‘z dasturiga ega

Yana shuni qayd etib o‘tish joizki, har bir universitet o‘zining mobil dasturiga ega.

Talabalar bo‘sh vaqtlarini OTMda o‘tkazib, bilimlarini oshirish imkoniyatiga egalar. Mobil dastur orqali esa siz uchun kerak bo‘ladigan barcha ma'lumotlarni olishingiz mumkin.

O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlari o‘quv dasturlari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlansa, Koreyada universitetlar o‘zi lozim topgan adabiyotlardan foydalanib, dastur tuzishadi. Har bir universitet o‘zining obro‘si uchun harakat qiladi.

MDH davlatlaridan kelgan insonlar yashaydigan mahallalar bor

Hozirda Cheonan shahrida istiqomat qilaman, universitet esa Asan shahrida. Masofa uzoq emas, 7 km. atrofida.

Ochig‘i Cheonanda yashayotganligimning asosiy sabablaridan biri, bu yerda talabalar uchun qulayliklar ko‘p.

To‘g‘ri, Koreyada barcha shaharlar deyarli bir xil. Aynan Cheonanning noodatiy tomoni MDH davlatlaridan kelgan insonlar yashaydigan ma'lum bir hududlar (mahallalar) bor. U yerda rus do‘konlarida yurtimizdan keltirilgan mahsulotlarning deyarli barchasini topa olasiz. To‘rtta o‘zbek oshxonasi mavjudligini bilaman. Masjidlar sonining ko‘pligi ham kishiga huzur bag‘ishlaydi.

Dissertatsiyaga ma'lumotlar yig‘yapman

Magistrlik dissertatsiyamni «Maydan inqilobining Ukrainani demokratlashtirish jarayonida tutgan o‘rni» mavzusida olib bormoqchiman. Hozirda 1 kursni tamomladim, shuning uchun shu kunlarda ma'lumot yig‘ish bilan bandman. Ushbu mavzuni tanlaganim sababi, inqilobning Ukraina uchun qanchalik foydali bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini siyosiy analiz orqali ochib berish. Chunki hozirgi kun possovet davlatlarida inqilobiy ruh paydo bo‘lmoqda va bu yo‘lni Ukraina 2014 yilda allaqachon bosib o‘tdi. Ukraina misolida inqilobning davlatga bo‘lgan ta'sirini yoritib bermoqchiman.

9 oy vaqtim ketdi

Hozirda TOPIC, IELTS kabi xalqaro sertifikatlarga egaman. TOPIC ‒ bu sizning koreys tilini qay darajada bilishingizni isbotlovchi xalqaro sertifikat.

Unda maksimal ball 6 ball hisoblanadi va men 4 ballik darajaga ekanimdan faxrlanaman. Rosti, bunga erishish uchun 9 oy vaqtim, umrim ketdi.

IELTSdan esa bugungi kunda 6-darajaga egaman. Ushbu sertikatlarni amal qilish muddati mavjud bo‘lgani sababli, universitetni tamomlab, ularni yangilab qo‘yishni rejalashtirganman.

Bola tarbiyasi ‒ muhim hisoblanadi!

Ushbu mamlakatda bolalar tarbiyasiga alohida e'tibor qaratiladi. Xususan, bolalar oldida tamaki chekish mumkin emas. Barcha maktablar oldida avtomobilda 30 km/s dan yuqori tezlikda yurish taqiqlanadi.

Barcha maktablar avtobuslar bilan ta'minlangan. 18 yoshdan kichiklarga tamaki va alkogol mahsulotlarini sotgan qattiq jazolanadi.

Barcha yurt taraqqiyoti uchun xizmat qiladi

Janubiy Koreyaning ijobiy tajribalari har bir sohada yetarlicha. Shu sababli, ularning asosiylarini sanab o‘tishga harakat qilaman. Har bir shahar hokimiyati o‘z obro‘si, imiji uchun ishlaydi. Ya'ni aholining ishonch darajasi tushmasligi uchun har bir hodisa yuzasidan rasmiy bayonot beriladi.

Hokimiyat qonun doirasida aholi manfaati uchun doim xizmatini ayamay, aholidan kelgan barcha murojaatlarni o‘z vaqtida hal qilishga astoydil urinadi.

Janubiy Koreyada infrastruktura juda yaxshi rivojlangan. Shu sababli mamlakat ichidagi istalgan shaharga borsangiz, bir xil saviyadagi xizmatlar va imkoniyatlarga ega bo‘lasiz.

24/7 do‘konlar har qadamda, pochta xizmati a'lo darajada, yo‘l qoidasiga barcha haydovchi amal qiladi, haydovchilik guvohnomasini olish uchun ham faqatgina imtihondan o‘tish talab qilinadi xolos. Bularning barchasi aholi turmush tarzini yaxshilash uchun hukumat tomonidan qilingan ishlardan bir shingil xolos.

Nazarimda, Janubiy Koreya taraqqiyotining asoslaridan biri bu qonun ustuvorligi bo‘lsa, biri xalqning talabchanligidir. Hatto, bir nechta sobiq davlat rahbarlarining qonuniy jazo muddatini o‘tayotgani ham, so‘zimga isbot bo‘la oladi.

Asliddin Annayev

suhbatlashdi

Top