13:42 / 01.06.2021
3412
«25 yoshga to‘lmaganlarni ishga olganlarga soliq imtiyozlari bor, biroq hammaga emas» – SSP hukumat qarori loyihasi haqida

25 yoshga to‘lmagan yoshlarni ishga olgan ish beruvchilarga ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyoz berilmoqda, biroq bu yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun amal qilmaydi. Shuningdek, imtiyozni olish uchun bir qancha talablar ham qo‘yilmoqda. Savdo-sanoat palatasi qaror loyihasi yuzasidan jamoatchilik ekspertizasi xulosasini e'lon qildi.

Foto: Fotolia

Savdo-sanoat palatasi VMning «Ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini Davlat budjetidan to‘liq qaytarib berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi yuzasidan jamoatchilik ekspertizasi xulosasini taqdim etdi.

Loyihaning birinchi bandida 2023 yil 1 yanvarga qadar ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat budjetidan to‘liq qaytarib berilishi nazarda tutilgan.

SSP xulosasiga ko‘ra, loyiha bilan yuqorida keltirilgan imtiyoz yakka tartibdagi tadbirkorlarga tatbiq etilmasligi belgilanmoqda. Biroq, loyihani ishlab chiqishga asos bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi PF-6208-son Farmonida bunday cheklov nazarda tutilmagan.

«Ko‘rinib turibdiki, mazkur cheklov yuqoridagi farmonga zid kelmoqda. Shu bois, loyihada mazkur imtiyozlar yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq qilinishini belgilab qo‘yish lozim», – deyiladi xulosada.

Shuningdek, SSP qarorning 7-bandida nazarda tutilgan talabga qarshi pozitsiya bildirmoqda. Ushbu bandda imtiyozdan foydalanish uchun ish beruvchining ariza topshirgan sana holatiga soliqlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi shart ekanligi belgilangan.

«Ta'kidlash lozimki, ushbu imtiyozdan foydalanish uchun tadbirkorlik sub'yektlariga qo‘shimcha talab belgilanmoqda. Biroq, loyihani ishlab chiqishga asos bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi PF-6208-son Farmonida bunday talab nazarda tutilmagan. Bundan tashqari, ushbu imtiyozni yuqoridagi shaklda (ish beruvchining ariza topshirgan sana holatiga soliqlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi lozimligi) talab qo‘yish amalda imtiyoz samarasini yo‘qqa chiqarib, mazkur normaning ishlamasligiga sabab bo‘ladi», – deyiladi jamoatchilik ekspertizasi xulosasida.

Shu sababli «bunda, ish beruvchining ariza topshirgan sana holatiga soliqlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi shart» jumlasini chiqarib tashlash lozimligi ta'kidlangan.

Bundan tashqari, loyiha ilovasi 11-bandiga ko‘ra, «Hisobot oyi uchun ijtimoiy soliq summasining qaytarilishi bo‘yicha ariza ish beruvchi tomonidan hisobot taqdim etish sanasidan boshlab 6 oy muddatdan kechiktirmasdan taqdim etilishi lozim»ligi belgilangan.

SSP o‘z xulosasida qarorga asos bo‘lgan Prezident farmonida bunday talab yo‘qligi, ortiqcha talablar tufayli norma amalda ishlamasligiga urg‘u berilgan. Shu sababli, ushbu band chiqarib tashlanishi tavsiya qilinmoqda.

Avvalroq, SSP noqonuniy imoratlarni sud qarorisiz buzish bandi kiritilgan qaror loyihasiga qarshi pozitsiya bildirgani xabar qilingandi.

Top