09:30 / 01.06.2021
15093
AQSh BAA yaqinida ushlangan tankerdagi Eron neftini sotib yubordi

AQSh BAA yaqinida ushlangan Achilleas tankeridagi 2 mln barrelga yaqin Eron neftini sotib yuborgan. AQSh sotilgan neftdan 110 mln dollar daromad olgan. Bu haqda sud hujjatlariga tayanib Associated Press axborot agentligi xabar berdi.

Achilleas tankeri fevral oyida BAAning Fujayra amirligi sohillari yaqinida ushlangandi. Sud hujjatlariga ko‘ra, tanker AQShning aksilterrorchilik qonunlariga binoan musodara qilinishi kerak bo‘lgan. Vashingtonning fikricha, AQShda terrorchi tashkilot deb topilgan Eronning Islom inqilobi muhofizlari korpusi Xitoyga neft sotish uchun tankerdan foydalangan.

Prokurorlarning ta'kidlashicha, yukni jo‘natuvchilar uni Iroq nefti ostida niqoblashga uringan.

AQSh tankerni Xyustonga yetkazgan va undagi 2 mln barrel neftni 110 mln dollarga sotib yuborgan.

Avvalroq AQSh energetika vazirligi mamlakat 2020 yil oktyabrda 1,1 mln barrel Eron neft mahsulotlarini import qilganini ma'lum qilgandi. Axborot agentligining ta'kidlashicha, ushbu neft mahsulotlari ham musodara qilingan bo‘lishi mumkin.

Top