00:00 / 01.06.2021
6449
Chexiya bosh vaziri firibgarlikda gumon qilinmoqda

Chexiya huquq-tartibot idoralari prokuraturaga mamlakat bosh vaziri Andrey Babishga ayblov bildirish yuzasidan ariza berdi. Babish Yevropa Ittifoqi subsidiyalari bilan firibgarlik sodir etishda gumon qilinmoqda.

Foto: Vit Simanek

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, Praga prokuraturasi Babishga nisbatan olib borilgan politsiya tergovi natijalarini oldi. Unda Chexiya bosh vaziriga Yevropa Ittifoqi jamg‘armalaridan ajratilgan 2 mln dollar bilan firibgarlik sodir etish ayblovi bildirilgan.

Ta'kidlanishicha, avvalroq ham politsiya Babishga ushbu holat yuzasidan ayblov bildirish haqida ariza bergan, biroq prokuratura ishni to‘xtatgan. Chexiya bosh prokurori Pavel Zeman buning sababi sifatida politsiyada Babishning aybdorligiga yetarlicha isbot yo‘qligini aytgan.

34 mingdan ko‘proq sahifadan iborat ish Yevropa Ittifoqi mablag‘larini Babishga tegishli Agrofert konglomeratidan uning oila a'zolariga o‘tgandan keyin olgan fermer xo‘jaligiga taalluqli hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi ajratgan subsidiyalar kichik va o‘rta biznesga mo‘ljallangan bo‘lgan. Biroq Agrofert bu talablarga to‘g‘ri kelmagan va shu sababli fermer xo‘jaligi mablag‘larni olish uchun vaqtincha Babish oilasi a'zolariga o‘tkazib turilgan.

Ta'kidlanishicha, keyinroq fermer xo‘jaligi yana konglomerat nazoratiga o‘tgan.

Chexiya bosh vaziri o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni rad etmoqda.

Top