22:13 / 01.06.2021
15338
Karlo Anchelotti - «Real» bosh murabbiyi

Italiyalik 61 yoshli mutaxassis «Everton» bilan shartnomasini bekor qildi va Madrid klubi bilan 2024 yil yozigacha mo‘ljallangan bitim imzoladi.

Foto: Getty Images

«Everton» bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Madridning «Real» klubini boshqaradigan bo‘ldi.

«Karlo Anchelotti keyingi uch mavsumda asosiy jamoaning yangi bosh murabbiyi bo‘ladi», — deyiladi «Real» matbuot xizmati xabarida.

Anchelotti «Real»ni 2013-2015 yillarda ham boshqargandi. U o‘shanda birinchi mavsumida klubni Chempionlar ligasi g‘olibiga aylantirgan, bu chempionlik madridliklar uchun tarixdagi 10-chempionlik, 2002 yildan buyon birinchisi bo‘lgandi. Uning boshqaruvi davrida jamoa klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, Ispaniya Kubogi va Superkubogida ham g‘olib bo‘lgan.

Karlo bosh murabbiylikdan ketgach «Bavariya» va «Napoli» jamoalarida ishlagan, 2019 yildan buyon «Everton»ni boshqarib kelayotgandi.

Yakunlangan mavsumda «Real» Ispaniya chempionatida «Atletiko»dan ortda qolib ikkinchi o‘rinni egalladi. «Qaymoqranglilar» 38 o‘yinda 84 ochko jamg‘ardi va so‘nggi turgacha chempionlik uchun kurashda qoldi, ammo «matraschilar» ham hal qiluvchi turda o‘z o‘yinida g‘olib bo‘lib, birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Chempionlar ligasida «Real» yarim finalgacha yetib bordi va ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Chelsi»ga mag‘lub bo‘ldi (1:1, 2:0). Madridliklar Ispaniya Kubogini 1/16 finaldayoq tark etishgandi.

Mavsum yakunida 2019 yildan buyon jamoani boshqarib kelgan Zinedin Zidan o‘z xohishiga ko‘ra iste'foga chiqdi. OAVda uning o‘rniga da'vogar nomlar qatorida Antonio Konte, Massimiliano Allegri, Raul, Yoaxim Lyov va Maurisio Pochettino nomzodlari sanalgandi. 

Top