08:05 / 01.06.2021
15311

Rossiya O‘zbekistonga parvozlar sonini ko‘paytirmoqda

10 iyundan boshlab Rossiya O‘zbekiston, Belarus, Gretsiya, Ozarboyjon, Armaniston, Qatar, Tojikiston, Misr va Serbiyaga parvozlar sonini ko‘paytiradi, Moskva-Myunxen reysi qayta tiklanadi, deb xabar berdi mamlakatga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor shtab.

Foto: Aleksey Lisitsyn / airliners.net

Tezkor shtab o‘zaro asosda Moskva-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston bilan parvozlar sonini 10 iyundan haftasiga qo‘shimcha bittaga oshirishga qaror qildi

Shuningdek, 10 iyundan Belarus bilan Moskva-Minsk yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar soni o‘zaro asosda haftasiga o‘n martagacha oshiriladi. Bundan tashqari, 10 iyundan boshlab Gomel-Moskva va Polotsk-Moskva yo‘nalishlari bo‘yicha kunlik temir yo‘l qatnovi tiklanadi, Moskva-Minsk yo‘nalishidagi “Lastochka” poyezdlarida vagonlar soni ko‘paytiriladi.

Tezkor shtab Moskva-Afina yo‘nalishi bo‘yicha Gretsiya bilan parvozlar sonini 10 iyundan haftasiga ikkitaga oshirishga qaror qildi. Ozarboyjon (Moskva-Boku), Armaniston (Moskva-Yerevan), Qatar (Moskva-Doha) va Tojikiston (Moskva-Dushanbe) bilan havo qatnovi haftasiga bir parvozga ko‘paymoqda. 

10 iyundan boshlab Misrga Moskva-Qohira yo‘nalishida va Serbiyaga (Moskva-Belgrad) yettita reys amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Moskva - Myunxen (Germaniya) yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar tiklanmoqda. Berlinga parvozlar avvalroq tiklangan edi. 

Shuningdek, tezkor shtab hukumatning 2020 yil 16 martdagi 635-r-sonli buyrug‘i va sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilish zarurligini inobatga olgan holda, Nijnekamsk, Vladikavkaz hamda Tomsk xalqaro aeroportlaridan xorijiy mamlakatlarga parvozlarni 10 iyundan boshlab tiklashga qaror qilinganini bildirdi.

Hozirda Rossiya 34 mamlakat bilan aviaqatnovni tikladi. 

Koronavirus pandemiyasi tufayli Buyuk Britaniya bilan aviaqatnov 1 iyunga qadar, Tanzaniya va Turkiya bilan 21 iyunga qadar to‘xtatildi. 10 iyundan parvozlar uchun ochiq bo‘lgan mamlakatlar soni yana yettitaga ko‘payadi. 

Eslatib o‘tamiz, Rossiya hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha tezkor shtabning 25 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishida bir qator mamlakatlar bilan muntazam aviaqatnovlarni tiklash yuzasidan qaror qabul qilingan edi.

Mazkur qarorga muvofiq, joriy yilning 1 aprel sanasidan e'tiboran Rossiya hamda O‘zbekiston o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar haftasiga bir marotaba amalga oshirilishiga ruxsat etildi.

Top