11:46 / 01.06.2021
14666
Shengen vizasiga hujjat tayyorlash, topshirish va uni olish tartibi: Multivizani olish qoidalari haqida

Bundan bir necha kun avval UzbekLife kolumnisti tayyorlagan Shengen vizasi qanday paydo bo‘lgani haqidagi maqola e'lon qilingan edi. Bugun uning ikkinchi qismini e'tiboringizga havola qilamiz.

Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar darvozasi “kaliti” sanalgan Shengen vizasi 90 kungacha 26 mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish huquqini beradi. Xususan, Avstriya, Belgiya, Vengriya, Germaniya, Gretsiya, Daniya, Islandiya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Litva, Lyuksemburg, Lixtenshteyn, Malta, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Slovakiya, Sloveniya, Finlandiya, Fransiya, Chexiya, Shveytsariya, Shvetsiya va Estoniya davlatlari Shengen shartnomasiga a'zo sanaladi. Mazkur davlatlar fuqarolari hamda “multiviza egasi” yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar hududida erkin harakatlana oladi.

Ma'lumot uchun: amaldagi Shengen vizasi bilan Albaniya, Bolgariya, Gibraltar, Kipr, Ruminiya va Xorvatiya davlatlariga borish mumkin.

 Shu bilan birga, bir qator mamlakat fuqarolariga Shengen vizasi olish kerak emas, ular quyidagilar:

Avstraliya, Andorra, Antigua va Barbuda, AQSh, Argentina, Bagam orollari, Barbados, Bolgariya, Braziliya, Bruney, Vatikan, Venesuela, Gvatemala, Gonduras, Janubiy Koreya, Isroil, Kanada, Kipr, Kosta-Rika, Makedoniya, Mavrikiy, Malayziya, Meksika, Monako, Nikaragua, Panama, Paragvay, Ruminiya, Salvador, San-Marino, Sent-Kits va Nevis, Serbiya, Seyshel orollari, Singapur, Urugvay, Xorvatiya, Chili, Chernogoriya (Montenegro), Yangi Zelandiya, Yaponiya.

Vizani qayerdan olish mumkin?

Avvalo, Shengen vizasiga hujjat topshirish qoidalariga asosan, ariza topshiruvchi ketishni rejalashtirayotgan yoki sayohatining ko‘proq qismini o‘tkazadigan davlat diplomatik vakolatxonasiga ariza topshirishi zarur. Asosan ariza topshirishni onlayn yoki telefon orqali amalga oshirish mumkin.

Shuni yodda tutish lozimki, Shengen vizasiga ariza rejalashtirilgan sayohat boshlanishidan kamida 6 oy oldin topshirilgani ma'qul. Sayohat rejalari aniq bo‘lishi bilanoq tayyorgarlikni boshlash maqsadga muvofiq. Shengen vizasi uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddati odatda 10–15 ish kunini tashkil etadi. Elchixonalar va konsulliklar talablari bir-biridan biroz farq qilsa-da, asosiy tartiblar o‘zgarmaydi.

Hujjatlar ro‘yxati

Vizani olishda aynan siz borishni rejalashtirayotgan aniq bir davlatning elchixonasi rasmiy saytidagi viza olish tartibini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. S toifadagi turistik viza olish uchun qonuniy tasdiqlangan sayohat rejasi bo‘lishi lozim. Hujjatlarning bo‘lmasligi mazkur viza uchun topshirilgan arizaga rad javobi berilishiga sabab bo‘la oladi.

1.    Xorijga chiqish pasporti – bunda pasport sayohat boshlangan kundan boshlab 3 oygacha amal qilishi hamda pasportda viza urish uchun yetarlicha sahifalar bo‘lishi shart. Har bir elchixona o‘ziga xos talablarga ega bo‘lishi va avval olingan vizalarning fotosurati yoki nusxasini taqdim qilishingizni so‘rashi mumkin.

Ma'lumot uchun: ichki pasport – uni taqdim qilishingiz shart emas, ammo hujjat topshirguncha o‘zingizda bo‘lishi zarur.

2.    Viza olish uchun ariza (anketa) – ushbu anketani elektron shaklda yoki qog‘oz shaklida to‘ldirishingiz mumkin.

3.    Fotosuratlar – 2 dona rangli (3,5x4,5) fotosurat elchixona rasmiy saytida keltirilgan talablarga mos bo‘lishi zarur.

4.    Viza yig‘imi – hozirgi kunda viza uchun to‘lov kattalar uchun 80 yevroni tashkil qiladi. Ammo bu narx nisbiy bo‘lib, qaysi davlat fuqarosi ekaningizga qarab o‘zgaradi. Bundan tashqari, agarda siz viza markazi orqali hujjat topshirayotgan bo‘lsangiz, sizdan xizmat yig‘imi ham undirilishi mumkin.

5.    Sayyohning tibbiy sug‘urtasi butun sayohatingiz kunlarini qamrab olishi zarur. Avval aytilganidek, ko‘ngilsiz va baxsiz holatlar yuz berganda, viza egasiga kamida 30 000 yevro miqdorida mablag‘ ajratiladi. Diqqat qiling! Mazkur sug‘urta yozma shaklda berilmaydi.

6.    Sayohat davomida yashash joyi ko‘rsatilishi – mazkur hujjatlar tayyorlash jarayonining yana bir muhim qismlaridan biri. Bunda siz rejalashtirgan sayohatning barcha kunlari uchun bron qilingan mehmonxona hujjati bo‘lishi zarur.

Unutmang! Ushbu hujjatda sizning ism-sharifingiz (pasportdagidek), kelish-ketish vaqtlari, manzil va to‘lovlar aniq ko‘rsatilishi shart!

7.    Moliyaviy barqarorlik tasdiqlanishi shart. Bunda bank hisobraqamlari, ish joyi, oylik ish haqi va ma'lumotnomalar ko‘rsatilishi va ular imzolangan sanasi yangi bo‘lishi zarur. Shengen zonasida kunlik o‘rtacha yashash uchun mablag‘ davlatiga qarab taxminan 40 yevrodan boshlanadi. Agarda o‘zining ish haqi yoki mablag‘i yetmasa, homiy tomonidan ma'lumotnoma taqdim qilinishi mumkin.

8.    Yashab turgan davlatiga qaytish maqsadi bor yoki yo‘qligi. Asosan bu holatda borish-kelish aviachiptalarini (bron qilingani ham) ko‘rsatish kifoya. Shaxsiy avtomobilida borayotganlar esa sug‘urta polisi hamda aniq yo‘nalish marshrutini ko‘rsatishi talab etiladi.

Shengen vizasini olishda talabgordan biometrik ma'lumotlar ya'ni barmoq izlari olinib, uning raqamli fotosurati Viza axborot tizimi (VIS)ga joylashtiriladi. 12 yoshgacha bo‘lgan bolalardan biometrik ma'lumotlar olinmaydi.

Hujjatlarning to‘liqligiga e'tibor bering. To‘liq bo‘lmagan hujjatlar sizning arizangizni rad etishga olib kelishi mumkin. Faqat kerakli hujjatlarni arizangiz bilan birga topshiring. Arizani topshirishdan oldin chet eldagi diplomatik vakolatxonaga biror bir hujjat yubormang.

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimidan foydalanishda shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘ri kiritilishiga ahamiyat bering. Ma'lumotlardagi xatoliklar viza berilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirgi koronavirus pandemiyasi davrida Shengen vizasi olish bilan bog‘liq ayrim cheklovlar mavjud.

Viza olish uchun to‘lov qiymati 80 yevroga, 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 40 yevroga teng.

Diqqat qiling! Viza berilishi rad etilganda viza uchun to‘lov hamda yig‘imlar qaytarilmaydi.

Shengen vizasi olish uchun qisqacha tavsiyalar:

1. Ariza topshirishdan oldin:

– Hamma zarur hujjatlarni tayyorlab qo‘ying;

– Onlayn rejimda bepul uchrashish vaqtini belgilang.

2. Arizani topshirish vaqtida:

Biometrik ma'lumotlar (fotosurat va barmoq izlarini) olish VisaMetric qabul markazlarida o‘tkazilishi va qo‘shimcha xizmatlar uchun pul olinishi mumkin.

3. Ariza topshirilganida:

– natijalarni vebsayt orqali olish mumkin,

– natijalar e'lon qilingach shaxsiy pasportingizni VisaMetric qabul markazidan olib ketishingiz mumkin. 

Diqqat! Vizani olgach vizadagi ma'lumotlar, ya'ni:

–       Ism-sharifingiz,

–       pasport raqamlari,

–       sayohat sanalari va ruxsatnomalardagi sanalar to‘g‘riligini tekshiring! Xatolik aniqlansa, vizani olgan elchixona (viza markazlari, konsulliklarga) tezda murojaat qiling.

So‘nggi eslatma!

        Agarda ushbu jarayonlarning barchasidan muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsangiz, so‘nggi bosqich, ya'ni O‘zbekiston hududida davlat xizmatlari (masalan, kommunal xizmatlar va boshqalar)dan qarzdorlik mavjud emasligini MIB (Majburiy ijro byurosi) rasmiy sayti orqali tekshirib oling.

Asliddin Annayev,

UzbekLife kolumnisti

Top