22:24 / 01.06.2021
18812
«Sizlar menga ko‘makchisizlar» - prezident jurnalistlar bilan suhbatlashdi

1 iyun kuni Surxondaryoga tashrif bilan borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bilan chegaradagi Hayraton ko‘prigi yaqinida joylashgan Ayritom chegara bojxona postida jurnalistlar bilan muloqot qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari savollarga javob berishdan oldin mamlakat rivoji jurnalistlarga ham bog‘liq ekanini ta'kidladi.

«Savollarga o‘tishdan oldin, menga bitta narsani va'da berishlaring kerak: ko‘ryapman, sizlar ko‘p harakat qilyapsizlar, biz hammamiz mana shu yangi O‘zbekistonga mas'ul va javobgar ekanligimizni bilishimiz kerak», – deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident OAV vakillarini tarozining ikki pallasini ham inobatga olishga chaqirdi.

«Qalamlaring o‘tkir bo‘lishini, xalqning yuragiga yetib borishini, tarozining ikki pallasini ham albatta e'tiborga olishlaring kerak. Kecha kim edik, nimalar qilgandik, qaysi omillarni amalga oshirgandik, nima kamchiliklarimiz bor edi? Odamlarimizning turmush darajasi, islohotlarga ishonchi qanday oshyapti?

Qishloqlarda oddiy-oddiy uylarga kiryapmiz. To‘g‘ri, sizlar aytishlaring mumkin, prezident kelishiga bu uyni to‘g‘rilab, tayyorlagan deb. Bunday deb shubha qilishinglar mumkin, lekin bitta narsani bilishlaring kerakki, hamma qo‘yayotgan qadamlarimiz, sizlar bilan qilayotgan ochiq muloqotlarimizning zamiri – xalqimizga joylarda bo‘layotgan kamchiliklarimizni ham, yutuqlarimizni ham rost-ro‘y yetkazish. Bunda sizlar menga ko‘makchisizlar.

Sizlarning qalamlaring, chiqaradigan hamma ma'lumotlaring odamlarni to‘g‘ri yo‘lga [undashi lozim]. Mana, kichkinagina bojxona posti. Men bosh vazir bo‘lganimda bu yerlarga juda ko‘p kelganman, inson omili 150 foiz edi (juda yuqori edi – tahr.). Inson omili bo‘lganda xavf-xatarning oldini olish, iqtisodiyotimizni barqaror qilish bo‘yicha juda katta nuqsonlar, kamchiliklar bor edi. Mana, hozir birinchi qadamlarimizni qo‘yyapmiz, hamma sohani raqamlashtirish, iloji boricha inson omilini kamaytirib, adolatli, korrupsiyadan yiroq qilishga intilyapmiz», – dedi davlat rahbari.

Top