09:25 / 02.06.2021
33935
«Lyubaya biznes xorosha» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

«Lyubaya biznes xorosha» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston bosh prokurorining matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hayot Shamsiddinov xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Lyubaya biznes xorosha», «Plati-leti», «S 707» va boshqa MChJlar mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 179- (Soxta tadbirkorlik), 184- (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 189-moddalari (Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) bilan qo‘zg‘atilgan.

«Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergovga aralashish va to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi», deya qayd etiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning may oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning Alter Ego dasturiga bergan intervyusida aytgan «Lyubaya biznes xorosha» jumlasi ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketgandi. 2019 yil 16 avgustida Toshkent shahrida «Lyubaya biznes xorosha» MChJ yuridik shaxs sifatida, ulgurji savdo bilan shug‘ullanish maqsadida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Bu korxona maishiy elektr tovarlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullangan. Ustav fondi 3 mlrd so‘m bilan tadbirkorlik faoliyatini boshlagan «Lyubaya biznes xorosha» MChJ nomi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lgandi.

Top