10:38 / 02.06.2021
16454
TIV Agneshka Pikulitskaning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi
Agneshka Pikulitska / Foto: Instagram

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijiy jurnalist Agneshka Pikulitskaning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusuf Qobiljonovning axborotida aytiladi.

«Al Jazeera» telekanali muxbiri Agneshka Pikulitska-Vilchevska tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining buzilishi holatlari qayd etilganligi sababli Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiyasini uzaytirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi», deyiladi axborotda.

Joriy yil fevral oyi boshlarida polshalik jurnalist Tashqi ishlar vazirligi xodimini shilqimlikda ayblab, akkreditatsiya masalasi olti oyda ham hal bo‘lmaganini bildirgandi. Shuningdek, u o‘ziga nisbatan bosim bo‘lgani, ijobiy material yozishni so‘rab, qistov qilinganini aytgan.

Holat yuzasidan Senat raisi Tanzila Norboyeva, jamoatchilik tashkiloti rahbari Komil Allamjonov, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirish agentligi o‘z munosabatini bildirgan.

TIV munosabatida esa jurnalistga tegajog‘lik qilgan xodim ishdan bo‘shatilgani ta'kidlanib, akkreditatsiya masalasi bir kunda hal bo‘lishi ma'lum qilingandi.

2021 yil aprel oyi boshlarida esa O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati Agneshka Pikulitskani tvitterdagi sahifasida «aslida ro‘y bermayotgan voqealarni yoritib kelish»da ayblab, bayonot berdi.

Top