16:57 / 02.06.2021
19507
Xorazmda to‘y korteji «ilon izi» bo‘lib harakatlandi. Qoidabuzarlarga chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati hududida «Malibu» va «Captiva» avtomobillaridan iborat to‘y korteji «ilon izi» bo‘lib harakatlangani aks etgan videolavha tarqaldi.

Xorazm viloyati IIB axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu voqea joriy yilning 28 may kuni Hazorasp tumanida bo‘lib o‘tgan to‘y tadbirlari doirasida sodir bo‘lgan. Ushbu qoidabuzarliklar natijasida YTH sodir etilmagan bo‘lsa-da, qoidabuzarlik sodir etgan 10dan ortiq haydovchiga MJtK 128-5-moddasining ikkinchi qismi va 129-moddasining birinchi qismi bilan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ularning har biriga BHMning 10 baravari (2 mln 450 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ma'lumot uchun, MJtK 128-5-moddasining ikkinchi qismida transport vositalari haydovchilarining yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda chiqqanlik uchun, MJtK 129-moddasining birinchi qismida esa transport vositalari haydovchilarining yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Top