13:52 / 03.06.2021
3196
4 oyda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2000dan ortiq holat aniqlandi
Foto: KUN.UZ

2021 yilning 4 oyi davomida daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2014 ta qonunbuzilish holati aniqlandi, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 4 mlrd 988 mln so‘mni tashkil qildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ozod Rajabov ma'lum qildi.

«1313 tup qimmatli daraxt noqonuniy ravishda kesilgani, 619 tup daraxt shikastlantirilgani yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan 2 mlrd 514 mln so‘m ma'muriy jarima belgilanib, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar jami 4 mlrd 988 mln so‘m miqdorida hisoblandi», deydi u.

Ma'lum qilinishicha, shu davrda aniqlangan jami huquqbuzarliklarning 113 ta holati mahalliy darajadagi mansabdor shaxslar ishtirokida sodir etilgan.

Bundan oldin, Sergeli–Qo‘yliq yer usti metrosi qurilishida 785 ta daraxt boshqa joyga ko‘chirilishi xabar qilingandi

Ko‘chirish imkoni bo‘lmaganda esa kesishga ruxsat berilgan. Kesiladigan har bir daraxt uchun kompensatsiya sifatida 10 tup ko‘chatlarni ekish va ikki yil parvarishlash majburiyati yuklatiladi.

Ma'lum bo‘lishicha, moratoriy davrida jami 5 609 ta jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 258 029 tup daraxt va butalarni kesishni so‘rab murojaat qilingan. Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan 182 648 tup daraxtlarni kesish uchun rad javobi berilgan.

Top