15:26 / 03.06.2021
11285
Foto: Boks bo‘yicha Osiyo chempionlari O‘zbekistonga qaytdi

BAAning Dubay shahrida 31 may kuni bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etgan 20 nafar o‘zbekistonlik bokschilardan 18 nafari musobaqani medal bilan yakunlab mamlakatga qaytishdi. 

Sportchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov va boshqa mas'ullar ishtirokida kutib olindi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan tadbirda Aziz Abduhakimov terma jamoa a'zolarini yirik g‘alaba bilan qutlab, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining bokschilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Chempionatda 10ta medal yigitlar tomonidan olingan bo‘lsa, 8ta medalni qizlar jamoasi qo‘lga kiritgan. Erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov hali bunday natija qayd etilmaganini aytdi.

“O‘zbekiston terma jamoasi hali hech bir rasmiy Osiyo chempionatida 18ta medalga sazovor bo‘lmagan edi. Endi navbat Tokio-2020 Olimpiadasiga. Maqsadimiz - Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish”, - dedi u.

Top