08:27 / 03.06.2021
4443
Hukumat maktabdan tashqari ta'lim tizimini takomillashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Vazirlar Mahkamasi “Maktabdan tashqari ta'lim tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Prezidentning "Xalq ta'limi tizimidagi maktabdan tashqari ta'lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2019 yil 30 sentyabrdagi PQ-4467-son qaroriga muvofiq quyidagilar tasdiqlandi:

"Barkamol avlod" respublika bolalar maktabi va Respublika "Bolalar kutubxonasi"ning tuzilmasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar "Barkamol avlod" bolalar maktablari va "Bolalar kutubxonalari"ning namunaviy tuzilmasi;

"Barkamol avlod" bolalar maktablari va "Bolalar kutubxonalari" to‘g‘risidagi nizomlar.

Xalq ta'limi vazirligiga umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xomashyolar va jihozlar ro‘yxatini tuzish topshirildi. Xomashyolar va jihozlar o‘quvchilar tomonidan muhandislik, robototexnika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.

XTV huzuridagi "Xalq ta'limi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obektlari sifatini monitoring qilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi" DUK - qurilish-montaj ishlari buyurtmachisi etib belgilandi. Ishlar jumlasiga "Barkamol avlod" bolalar maktablari, "Bolalar sayyohlik bazasi", "Bolalar kutubxona"lari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash hamda jihozlash ishlarini amalga oshirish kiradi.

XTV huzuridagi "O‘quv ta'lim-ta'minot" DUK - jihozlarni xaridi buyurtmachisi etib belgilandi. Bunda XTV tanlov (tender) savdolari asosida bosh loyihachi va pudratchi tashkilotlarni aniqlashi zarur.

Hujjat Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilingan va 28.05.2021 yildan kuchga kirdi.

Top