20:48 / 03.06.2021
9971

10 000 qalbaki AQSh dollarini olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olindi

Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonga katta miqdorda qalbaki valutalar olib kirilishining oldini oldi. Seriyali amaliyotlar natijasida qalbaki valutalarni olib kirish bilan shug‘ullangan guruh ushlangan.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan respublika hududiga havo yo‘llari orqali qalbaki valutalarni olib kirishga bo‘lgan urinishlarning oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar qilmoqda.

Jumladan, poytaxt aeroportida "Istambul-Olma-ota-Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilardan biri bojxona nazoratidan yashil yo‘lak orqali harakatlanayotib, bojxona xodimlarining diqqatini tortgan. Shundan so‘ng, ushbu shaxsning yuklari belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, bagajdagi sochiqlar orasida 5000 AQSh dollari miqdoridagi naqd xorijiy valuta borligi aniqlangan.

Mazkur valutalarning haqiqiyligi maxsus qurilmalar asosida tekshirilganda, bir qarashda haqiqiydek ko‘ringan kupyuralar qalbaki bo‘lib chiqqan. Buni ularning aksaridagi seriya raqamlari bir xilligi ham tasdiqlagan.

 Bojxonachilar tezkor tadbirni davom ettirishga qaror qilishi oqibatida qalbaki valutalarni yetkazuvchilar hamda qalbaki valutalarni qabul qilib oluvchi ham aniqlangan. Maxsus amaliyot xalqaro aeroport avtoturargohida va Yashnobod tumanida davom ettirilib, mazkur qalbaki valutalarni qabul qilib, egasiga yetkazishi lozim bo‘lgan shaxslar ham ketma-ket qo‘lga olingan.

Yetkazuvchilardan birining boshqaruvidagi “Lasetti” rusumidagi avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida old yo‘lovchi o‘rindig‘i ostida soxta 5000 AQSh dollari borligi aniqlangan.

Toshkentning Yunusobod tumanida davom ettirilgan tezkor tadbirda esa, mazkur qalbaki valutalarning buyurtmachisi ularni qabul qilib olayotgan vaqtda fosh qilingan.

Hozirda soxta dollarlar ashyoviy dalil sifatida olinib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top